O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:18 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo viloyati hokimi 940 kishiga qimmatbaho sovgʻalar berdi

Qashqadaryo viloyati hokimi 940 kishiga qimmatbaho sovgʻalar berdi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev 470 ta gʻalla oʻrish otryadlari rahbarlari, har bir otryadga biriktirilgan ichki ishlar xodimlari jami 940 kishiga qimmatbaho sovgʻalar berdi.

Viloyatda jami 204 ming 800 gektar, shu jumladan, suvli maydonlarga 141 ming 800 gektar hamda 63 ming gektar lalmi maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlari ekildi. 2019-yil hosili uchun gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumini qisqa muddatlarda oʻtkazish, gʻalla hosilini sifatli yigʻishtirib olish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida, shuningdek, joylardagi holatdan kelib chiqib, 470 ta “Gʻalla oʻrish otryad”lari shakllantirildi. Otryad tarkibiga otryad rahbari, ichki ishlar xodimlari, yer tuzuvchi, statistika xodimlari, mexanik, hisobchilardan iborat 3 ming 760 nafar masʼul nomma-nom biriktirildi.

Shuningdek, otryadlarning har biriga bittadan koʻchma ustaxona, yoqilgʻi tashish vositalari, don tashish uchun 2 ming 847 dona don tashish texnikasi, shundan 2 ming 54 dona yuk avtomobili biriktirildi.

Oʻrimda qatnashadigan kombaynlarning 940 nafar operatorlarini mavsum oldidan moddiy ragʻbatlantirish maqsadida bosh operator va yordamchi mexanizatorlarning har biriga pul mukofoti va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 

– Bu yil barcha dehqonlarimiz uchun barakali keldi, – deydi Qamashi tumani 9 otryad rahbari Shuhrat Eshmatov. – Boshqa tomondan Yurtboshimizning yaratib bergan imkoniyatlari, imtiyozlari barcha dehqonu fermerlarni toʻlqinlantirib yubordi. Shuni evaziga barcha soha xodimlari astoydil mehnat qilib, belgilangan rejani ortigʻi bilan bajardi. Masalan, Qamashi tumaniga 30 ming tonna gʻalla topshirish rejasi qoʻyilgan edi. Bugungi kunga qadar 40 ming tonna davlatga bugʻdoy topshirdik. Hali dalalarimizda gʻalla bor. 

Viloyatdagi 3 ming 585 nafar fermer xoʻjaliklarining gʻalla hosili oʻrilib, shundan davlatga 500 ming tonna gʻalla sotildi. Ayniqsa Koson, Mirishkor, Nishon, Qarshi, Kasbi, Gʻuzor va Muborak tumanlari mirishkorlari bu borada birinchilardan boʻlib, davlatga gʻalla topshirish rejasini bajarib, yuqori koʻrsatkichga erishdi.

Ayni paytda ham gʻalla dalalarida oʻrim ishlari davom etmoqda.

Oʻ.BAROTOV, OʻzA
483