Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 17:55 Chop etish versiyasi

Qarshida sayyor qabul

Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev sayyor qabul o‘tkazdi.

Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va Qarshi san’at kollejida tashkil etilgan sayyor qabullarda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat jinoyat, xo‘jalik, fuqarolik sudi raislari va sudyalari, Qarshi shahridagi mahallalar raislari, ularning maslahatchilari, tadbirkorlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalarda bo‘lgani kabi sud-huquq tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev. – Xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlandi. Prezidentimizning joriy yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Viloyatdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga murojaat qilayotgan har bir fuqaroning ariza va shikoyati o‘z vaqtida xolisona ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilmoqda. O‘tgan davr mobaynida viloyatdagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 ming 179 murojaatning 137 tasi sud amaliyoti bilan bog‘liqdir.

Sayyor qabulda Qarshi shahridagi fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, keksalar, xotin-qizlar tomonidan ularning yaqinlari va o‘zlari ustidan chiqarilgan sud hukmlaridan noroziligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va joylardagi Xalq qabulxonalariga qilgan yozma va og‘zaki murojaatlari tinglandi, qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

– Sud qizimning roziligisiz eri bilan ajralishi to‘g‘risida hukm chiqargan, – deydi qarshilik Rashid Mo‘minov. – Hozir eri xorijda. Buning ustiga yangi qurilish ishlari tufayli uy-joyi buzildi. Uy-joy qaynotasining nomida bo‘lgani bois qizim 2 farzandi bilan ko‘chada qoldi. Bundan norozi bo‘lib, ko‘plab huquq-tartibot organlariga qilgan murojaatlarimizdan tayinli javob ololmadik. Bugungi qabulda Oliy sud raisiga murojaat qildik. Arizamiz qabul qilinib, mazkur ish qayta ko‘rib chiqilishi va adolatli hukm chiqarilishi aytildi. Bundan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

Sayyor qabulda fuqarolarning uy-joy, mulkiy nizolar, ajrim, firibgarlik, yer ajratish, oila-nikoh kabi masalalarga taalluqli turli mazmundagi 50 dan ziyod murojaati qabul qilindi va qayta ko‘rib chiqish uchun viloyatdagi tegishli sud raislari va sudyalarga aniq topshiriqlar berildi. Bu kabi nizolarni bartaraf etishda mahalla idoralari, xotin-qizlar qo‘mitalarining hamkorligini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 310






Все о погоде - Pogoda.uz