O‘zA O`zbek

07.05.2019 Chop etish versiyasi

“Qariyb 200 marta osmonga koʻtarilganman”

“Qariyb 200 marta osmonga koʻtarilganman”

Andijon viloyatida 50 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi el-yurt ardogʻida hayot kechirmoqda. Ulardan biri Andijon shahar Forobiy nomidagi mahallada yashovchi 95 yoshli Sharon ota Sattorovdir.

Fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 74 yilligi, Xotira va qadrlash kuni oldidan otani yoʻqlab uning xonadonida boʻldik. Koʻksini turli ordenu medallar bezab turgan otaxon suronli urush yillari haqidagi xotiralaridan soʻzlab berdi.

– 1941 yilda oʻrta maktabni tamomlab, harbiy komissariat yoʻllanmasi bilan Bishkekdagi Aviatsiya bilim yurtida tahsil oldim, – deydi Sharon ota Sattorov. – U yerda maxsus tayyorgarlikdan soʻng 1942 yilda 18 yoshimda frontga ketganman. Gʻarbiy Ukraina fronti tarkibidagi aviatsiya polki safida Moskva ostonasida janglarga kirib, Berlingacha bordim. Gʻalaba daragini Berlin yaqinidagi Zelendorf shahrida eshitdim.

Belarus va Polshani fashistlardan ozod qilishdagi janglarda ishtirok etdim. Umuman, urush davomida oʻz samolyotimda salkam 200 marta havoga koʻtarilib, dushmanning muhim obyektlarini yoʻq qildim.

Samolyotim ikki marta dushman oʻqiga uchragan. Ikkalasida ham oʻzimiznikilar tomonga qoʻnishga muvaffaq boʻlganman.

Urush dahshatlarini eslash ogʻir. Mashʼum urush qancha-qancha insonlar hayotiga zomin boʻlmadi, deysiz. Har safar osmonga koʻtarilganimda oʻzimni hayot va oʻlim oʻrtasida turganday his etardim. Lekin dushmanga boʻlgan nafrat, Vatanga muhabbat barcha harbiylarga kuch va shijoat baxsh etardi.

Sharon ota singari insonlar oramizda yurgan qahramonlardir.Ularning jasorati, ibratli hayot yoʻli bugungi va kelajak avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi.

Urushdan sogʻ-omon qaytgan Sharon ota mahalladoshi Ulfatxon aya bilan turmush qurdi. Uzoq yillar birga yashab, 4 qiz, 1 oʻgʻilni el-yurt koriga kamarbasta insonlar qilib voyaga yetkazdi. Ulfatxon aya bir necha yil avval olamdan oʻtdi. Sharon ota bugun farzandlari, nabiralari ardogʻida umrguzaronlik qilmoqda.

Urushdan keyin Sharon Sattorov nafaqaga chiqqunga qadar temir yoʻlda mashinist boʻlib ishladi. Koʻplab shogirdlar tayyorladi.

– Urush olovidan eson-omon olib chiqib, bugungi tinch-dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi Sharon ota. – Urush faxriylariga yuksak ehtirom koʻrsatayotgan Prezidentimizga, xalqimizga rahmat. Har yili pul mukofoti berilayapti, shifokorlar salomatligimizdan tez-tez xabar oladi. Bundan koʻnglimiz togʻday koʻtariladi. Ilohim, bundan keyingi avlodlar aslo urush koʻrmasin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin.

1 252
F.UBAYDULLAYEV, Z. UMURZOQOV (surat), OʻzA