Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 16:02 Chop etish versiyasi

Toshloqlik otaxon imtiyozli sertifikat asosida “Damas” avtomobilini sotib oldi

Toshloqlik otaxon imtiyozli sertifikat asosida “Damas” avtomobilini sotib oldi “Bu xonadonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rustamjon Akbarov yashaydi”.

Bu peshlavhani o‘qigan kishini ajib bir tuyg‘u chulg‘ab oladi. Ko‘chadan o‘tayotgan yoshu qari bu uyga havas bilan qaraydi. Darhaqiqat, bugungi tinch-osoyishta hayotimiz uchun janggohlarda har kuni, har lahza ajal bilan yuzma-yuz kelgan bunday insonlar barchamizning faxrimiz. Ularga e’zoz-ehtirom ko‘rsatish, ko‘nglini olish farzandlik burchimiz.

Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdek xalqimizga xos olijanob fazilatlar yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham bayram munosabati bilan turli tadbirlar, keksa avlod vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotir. Davlat va jamoat tashkilotlari, homiylar tomonidan urush va mehnat fronti faxriylariga sovg‘alar, zarur dori-darmonlar topshirilmoqda. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari, o‘quvchi-talabalar nuroniylarning uy yumushlariga, turar joylarini ta’mirlashga ko‘maklashayotir.

Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga 2 million so‘mdan pul mukofoti, “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillarni bir martalik navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatlar topshirilmoqda.

Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari Toshloq tumanidagi Qumqishloq mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rustamjon Akbarov xonadonida bo‘lib, Prezidentimiz nomidan otaxonga pul mukofoti va sovg‘alar topshirdi. Imtiyozli sertifikat asosida otaxon “Damas” avtomobilini xarid qildi.

Bundan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan Rustamjon ota tinch-osoyishta, farovon hayotimiz barqaror bo‘lishini so‘rab, duo qildi.

Ko‘pni ko‘rgan, boy hayotiy tajribaga ega insonlarning o‘gitlari yoshlar uchun ibrat. Rustamjon ota uyiga yo‘qlab kelganlarga yoshligidagi suratlarini ko‘rsatishni xush ko‘radi. Quroldosh do‘stlari haqida eslaydi, xalqimizning bag‘rikeng va samimiyligi xususida to‘lqinlanib gapiradi. Yoshlarga Prezidentimiz rahnamoligida erishilayotgan yutuq va marralar qadriga yetishni uqtiradi.

Urushdan qaytgach, qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar mehnat qilgan Rustamjon ota uch o‘g‘il, besh qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Bugun nabira kelinlar, chevaralar ardog‘ida. To‘y-hashamlarda doimo bosh-qosh. Otaxon mehnatni yaxshi ko‘radi. 91 bahorni qarshilagan bo‘lsa-da, bir daqiqa bo‘sh turmaydi. Tomorqada 50-yildan buyon qovun yetishtiradi.

– Bu kishi yetishtirgan qovunlarning dong‘i viloyatga ketgan, – deydi "Qumqishloq" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shahodat O‘sarova. – Hozir ham qovun urug‘ini yerga qadab, parvarish qilmoqda. Otaxonning tetik va bardamligi mehnatning orqasidan. Rustamjon ota kabi bobolarimizning hayoti yoshlar uchun ibratdir.

R.Akbarovning akasi Ikkinchi jahon urushida bedarak ketgan. Shuning uchun u Farg‘ona shahridagi Xotira maydoniga tez-tez boradi, bugungi osuda va to‘kin hayotimiz uchun mardona kurashgan yurtdoshlarimiz haqiga duo qiladi. 2008-yilda otaxon haj safariga borib keldi.

– Yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lsin. Yoshu keksasini birday qadrlaydigan, fuqarolari salomatligi, farzandlari kamoloti yo‘lida barcha sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimiz rahbarining umrlari uzoq bo‘lsin, – deydi otaxon qo‘lini duoga ochib. – Sizlar ham doimo sog‘ bo‘linglar. Qovun pishig‘ida albatta kelinglar, o‘z qo‘lim bilan qovun so‘yib beraman.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
246






Все о погоде - Pogoda.uz