Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2018 11:25 Chop etish versiyasi

Qarindoshingiz sudlanganmi? Endi bu savol berilmasligi mumkin

Mehnat kodeksi 78-moddasining ikkinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilib, shaxsning muqaddam sudlanganligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno yohud yaqin qarindoshlarining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishini taqiqlovchi normani o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “20 yil davomida shunaqa tizim yaratildiki, yaxshi-yaxshi kadrlarni “otasi qamalgan”, “akasi qamalgan” degan vajlar bilan boshqaruvga yaqin yo‘latmadik. Barcha o‘zi uchun javob bersin. Ota o‘zi uchun, bola o‘zi uchun, aka o‘zi uchun. Endi vatanparvar bo‘lsa, tashabbuskor bo‘lsa boshqaruvga jalb qilamiz”, deb ta’kidlagan edi.

Bu fikrlardan keyin Adliya vazirligi tegishli qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zA muxbiriga 2017 yil dekabr oyida bergan intervyusida ma’lum qilib, loyihada Mehnat kodeksining 78-moddasiga shaxsni ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishni taqiqlovchi norma nazarda tutilayotgani aytilgan edi.

Xalqimiz kutayotgan mazkur qonun loyihasi qachon qabul qilinadi? Bu haqda aniq ma’lumot olish uchun muxbirimiz Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyevga murojaat qildi:

— Fuqarolarning erkin kasb tanlash va mehnat qilish huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.

Bosh Qomusimizga ko‘ra, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega.

Amaldagi qonunchilikda shaxsning o‘zini yoki yaqin qarindoshlarini muqaddam sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishi tartiblari aniq belgilanmagani, fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqini to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ushbu holat, amaliyotda shaxsni yaqin qarindoshlarining yoki o‘zining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etish holatlari kuzatilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib tayyorlangan qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksi 78-moddasining ikkinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilib, shaxsning muqaddam sudlanganligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno yohud yaqin qarindoshlarining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishini taqiqlovchi normani o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

Ushbu loyihaning qabul qilinishi muqaddam sudlangan, jazoni to‘liq o‘tab kelgan shaxslarni ahloqan tuzatish, yangi jinoyat sodir etishining oldini olish, ishga joylashtirish va normal hayotga moslashtirish masalalarini hal etishga yo‘naltiriladi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Hozirda ushbu qonun Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.

Qonun qabul qilingan taqdirda t.me/huquqiyaxborot kanalida batafsil axborot beriladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
6 115