O‘zA O`zbek

15.04.2019 15:00 Chop etish versiyasi

Qallibek Kamolov: “Rahbar halol inson bo‘lishi kerak va men shunga amal qildim”

Qallibek Kamolov: “Rahbar halol inson bo‘lishi kerak va men shunga amal qildim”

Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasini chorak asr davomida boshqargan mehnat fahriysi, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Qallibek Kamalovning hayot yo‘li va mehnat faoliyatiga bag‘ishlangan «Oqsoqol» hujatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbektelefilm» va «Qoraqalpoqfilm» ijodkorlari tomonidan suratga olingan ushbu filmning premerasiga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

–Joriy yil oktabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining avtonomiya viloyat bo‘lib tashkil qilinganiga 95 yil to‘ladi. Ushbu davr mobaynida Qoraqalpog‘istonni ko‘p insonlar boshqardi. Qallibek Kamalovning boshqargan yillarini alohida ta’kidlash joiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sharap Usnatdinov. – U 25 yil davomida Qoraqalpog‘istonni dunyoga tanitdi. 60 yillarga kelib Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti cho‘kib qolgan, O‘zbekistonda viloyatlar orasida barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng pastki o‘rinlarni egallagan edi. Ana shunday qiyin paytda, aniqrog‘i 1963 yilda Q.Kamalov Qoraqalpog‘istonning birinchi rahbari bo‘lib kelib, 21 yil davomida faoliyat ko‘rsatadi.

U boshqargan dastlabki yillardanoq Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti ko‘tarila boshlaydi. 1968 yilda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib davlatga paxta topshirish rejasi ortig‘i bilan, ya’ni 126 foizga bajarildi. 1965 yilda Qoraqalpog‘istonning paxta yetishtirish rejasi 260 ming tonna etib belgilangan bo‘lsa, 1983 yilda bu ko‘rsatkich 435 ming tonnaga yetkazildi va Qoraqalpog‘iston respublikadagi paxta yetishtiradigan eng yirik hududga aylandi.

photo5300737762598693671.jpg

U 10 yil ichida Qoraqalpog‘istonni barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekistonda viloyatlar orasida oldingi o‘rinlarga olib chiqdi. Shu xizmatlari evaziga unga 1973 yilda Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni berildi.

1966 yilda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi og‘ir sinovni boshdan kechirdi. Amudaryoga suv kelmay qoldi. Dala maydonlarini bahorda sug‘orish uchun suv tanqisligi kelib chiqdi. Shu yili texnikalar yordamida Amudaryoni to‘sib, suv to‘playdi. Ana shu tarzda 7 yil mobaynida har mavsum suv yo‘lini bekitib, suv to‘plash amaliyotini joriy qiladi. Lekin, bu ishlar juda murakkab jarayon edi. Bu muammoni hal qilish uchun gidrouzel qurish kerak bo‘ldi va 1968 yilda uning rahbarligida Taxiatosh gidrouzelining tamal toshi qo‘yildi.

Ushbu qurilish juda katta mablag‘ va vaqt talab qiladigan loyiha edi. Sobiq Ittifoq Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligining hisob-kitobiga ko‘ra inshoot 11 yil davomida qurilishi kerak edi. Lekin, Q.Kamalovning qat’iy talabchanligi va sermahsul harakatlari natijasida Taxiatosh gidrouzeli 5 yil ichida qurib bitkazilib foydalanishga topshirildi. Uning bu ishlariga shu paytda O‘zbekistonni boshqarib turgan inson Sharof Rashidovning yordami beqiyos bo‘ldi.

Aynan Sharof Rashidovning o‘zi 37 yoshdagi Qallibek Kamalovga respublikani boshqarishni ishonib topshirgan edi. Dono siyosatchi va davlat arbobi kadr tanlashda adashmagan edi. Bundan keyin Qoraqalpog‘istonga temir yo‘l tortildi, Qoraqalpoq davlat universiteti tashkil qilindi, Nukus shahrida ko‘p qavatli uylar qad rostlab, zamonaviy shaharga aylandi va hokazo.

photo5301131452185946812.jpg

Qallibek Kamalov hozir 94 yoshda bo‘lsa ham jamoat ishlarida hamon faol. Sermahsul ijodkor. Keyingi 3 yil ichida 6 kitobini bosmadan chiqardi. Mahalliy va markaziy nashrlarda yirik e’tiborli publitsistik asarlari chop qilinmoqda. 

- 60 yillarda Qoraqalpog‘iston qoloq hududlardan biri edi, – deb eslaydi «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Qallibek Kamalov. – Qoraqalpoqlarning adabiyoti, tarixi, madaniyati bo‘lgani bilan qurilishi, sanoati yo‘q edi. Odamlar yer to‘lada, yetishmovchilikda, nochor ahvolda yashardi. Men butun umrim davomida xalqim dedim, xalqimning iqtisodiy ahvolini yaxshilashdek ezgu niyat bilan yashadim. Rahbar inson halol bo‘lishi kerak, men shunga amal qildim. Yurtimning obodligini o‘yladim. 

Bizning davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev elim deb, xalqim deb tinmay mehnat qilayotgan inson. Men xalqim va Muhtaram Prezidentimizdan uzoq yillik xizmatlarim munosib baholanganidan minnatdorman. 

Qallibek Kamalov ushbu kunlarda yuragidagi eng ulug‘ orzui – Orol dengizining qayta to‘lishini ko‘rishni tinmay o‘ylashini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Sobiq Ittifoq davrida boshlanib, nihoyasiga yetmay qolgan Sibir daryolarini Orol dengiziga tortish loyihasini qayta ko‘rib chiqish zarur. U kelajakda ushbu loyihaning amalga oshishiga umidi katta ekanligini ma’lum qildi. Mamlakatimiz rahbari Rossiya, Qozog‘iston davlatlari bilan mustahkam do‘stlik aloqasini o‘rnatdi. Kelajakda ushbu do‘stlik rishtalari rivojlanib Sibir (Ob va Irtish) daryolarining 5 foiz suvini Qozog‘iston orqali Qizilqum sahrosi ustidan Orolga olib kelib quysa, iqlim ham yumsharadi, dengiz ham qayta qaddini rostlaydi va uchta davlat ham bundan juda katta foyda ko‘radi. 

photo5301131452185946815.jpg

Qallibek Kamalov haqidagi «Oqsoqol» hujjatli filmi 3 qismdan iborat bo‘lib, «O‘zbekfilm» studiyasi rejissyori Abduvohid G‘aniev tomonidan yaratilgan. Ssenariy muallifi – «Tanka» filmi bilan mashhur bo‘lgan Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Muratbay Nizanovdir. 

Film taqdimotidan keyin san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Ye.Qanoatov, M.Habibullaev (surat), O‘zA
326