O‘zA O`zbek

21.06.2018 10:48 Chop etish versiyasi

Protez-ortopediya buyumlarini ishlab chiqaruvchilar bojxona to‘lovidan ozod etildi

Protez-ortopediya buyumlarini ishlab chiqaruvchilar bojxona to‘lovidan ozod etildi
Mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari turlari kengaytirilib, sifati yaxshilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyunda “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq:

  • 2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar;

  • 2018-2022 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishning asosiy parametrlari tasdiqlandi.

2021 yil 1 yanvarga qadar muddatga:

  • korxonalar protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ishlab chiqarilgan hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan;

  • protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalari O‘zbekistonga olib kiriladigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, instrumentlar va priborlar, kompyuter hamda diagnostika uskunalari bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

Mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari turlarini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash masalalarini o‘rganish, shuningdek, loyihalarning keyinchalik respublikada, jumladan, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha mutassadi idoralarga tegish vazifalar yuklandi.

O‘zA
4 075