Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 19:10 Chop etish versiyasi

Profilaktika tadbirlari yanada kuchaytirilishi lozim

Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaning viloyat hududiy komissiyasi tomonidan tumanda olib borilgan o‘rganishlar natijasi muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev Prezidentimiz rahnamoligida ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, ularning ish samaradorligini yanada yuksaltirish, joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har haftaning payshanbasi profilaktika kuni deb nomlanib, ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi bilan uchrashuvlari, muloqotlari o‘tkazilmoqda.

Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan komissiya va hududiy komissiyalar zimmasiga ichki ishlar organlarining bu boradagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Samarqand viloyati hududiy komissiyasi tomonidan Jomboy tumani ichki ishlar bo‘limining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha faoliyati o‘rganilganda joriy yilning dastlabki uch oyida tumanda 58 jinoyat sodir etilgani aniqlandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qiyoslaganda 2 taga kam. Lekin firibgarlik, giyohvandlik, odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshgan. Tuman bo‘yicha 18 mahallada jinoyat qayd etilgan. 38 nafar shaxs ma’muriy nazorat ostiga olingan.

O‘rganish davomida ayrim profilaktika inspektorlarining malakasizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha mas’ul davlat va nodavlat idoralari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani kuzatildi.

Sessiyada qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlari va mas’ul xodimlarining axborotlari eshitildi. Tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 476






Все о погоде - Pogoda.uz