Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2017 19:09 Chop etish versiyasi

Profilaktika tadbirlari: 104 jinoyat fosh etildi

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari va korxona-tashkilotlarda o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli profilaktika tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Profilaktika tadbirlari doirasida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar ushlanmoqda. Joriy yil 5-oktyabrdan 12-oktabrga qadar viloyat hududida sodir etilgan 113 jinoyatdan 104 tasi fosh etildi. Qolgan 9 o‘g‘irlik jinoyati aybdorlarini qidirib topish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotir.

Hafta davomida o‘g‘irlik, qasddan odam o‘ldirish, firibgarlik, qonunga xilof ravishda xorijga chiqish yoki mamlakatimizga kirish kabi jinoyatlarni sodir etib, qidiruvda yurgan 15 nafar shaxs ushlangan.

Joriy yilning 3-oktabr kuni Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hududda yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan shaxsning uyi gumonlanib tekshirilganda 503,65 gramm “marixuana” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Chinoz tumanida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahrida yashovchi tanishining ishonchiga kirib, Toshkent tumanida joylashgan 12 sotix yerni “nomingizga rasmiylashtirib beraman”, deb undan 30 ming dollar olib, shu kunga qadar qaytarib bermagan. Jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan unga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Profilaktika tadbirlari doirasida mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va davra suhbatlarida katta-kichikligidan qat’i nazar, har qanday jinoyatning kelib chiqish sabab va omillari keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinayotgani yaxshi samara berayotir.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
3 400






Все о погоде - Pogoda.uz