Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 12:02 Chop etish versiyasi

Profilaktika samaralari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika kuni tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Namangan viloyati Namangan tumanida huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari hamkorligida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari davomida 8 jinoyat fosh etildi, 1 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olinib, huquqbuzarlik sodir etgan 1 ming 200 dan ziyod kishiga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanildi. Mahallalarda profilaktika ishlarining keng yo‘lga qo‘yilgani, aholi o‘rtasida xuquqiy targ‘ibot samaradorligini oshirish borasidagi ishlar tufayli keyingi uch oyda tumandagi 24 fuqarolar yig‘inida birorta ham jinoyat sodir etilmadi, umumiy jinoyatlarning soni 4 foizga kamaydi.

– Profilaktika tadbirlarida ayniqsa yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Namangan tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadjon Egamov. – Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilarning davomatini o‘rganish barobarida, tarbiyasi og‘ir, jinoyatchilikka moyil o‘smirlar bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jinoyat sodir etgan yoshlarning qilmishlari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinmoqda. Jumladan, Toshbuloq sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining qoramol o‘g‘irlash jinoyati bilan shug‘ullangan uch o‘quvchisining qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan mazkur kollejda o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Muassasa o‘qituvchilari, ota-onalar, o‘quvchilar ishtirok etgan tadbirda huquqbuzarlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan jazo muqarrarligi tushuntirildi.

"Xo‘jaqishloq" va "Olaxamak" mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan uchrashuvda hafta mobaynida sodir etilgan jinoyat va xuquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, bunday holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimizning joriy yil 9-fevral kuni ichki ishlar idoralari xodimlari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, profilaktika inspektorlariga qulay mehnat va turmush sharoitini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ularni xizmat xonalariga yaqin joyda uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 8 nafar xodimga xizmat uylari ajratildi. 13 inspektorga uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratildi. Profilaktika inspektorlarining barchasini avtomashinalar bilan ta’minlash uchun boshlang‘ich to‘lovlar amalga oshirilib, shartnomalar tuzildi.

Haftaning har payshanbasida amalga oshirilayotgan jinoyatchilikka qarshi kurash va profilaktika kuni tadbirlari o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan vaqt mobaynida viloyat bo‘yicha mazkur tadbirlar doirasida kasb-hunar kollejlarida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilar aniqlanib, ularning ota-onalari bilan muloqotlar tashkil etildi. Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan 770 yig‘ilish o‘tkazildi. Guruh a’zolari 85 mingdan ziyod xonadonda bo‘lib, ularning turmush tarzini o‘rganish barobarida jinoyat sodir qilishga moyil, notinch oilalar, voyaga yetmagan xuquqbuzarlar, muqaddam sudlangan va profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazdi. Ayni jarayonda 700 dan ortiq notinch oilalar yarashtirildi. Joylarda o‘tkazilgan 245 sayyor qabullarda fuqarolarning ko‘plab murojaatlari o‘z yechimini topdi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
420






Все о погоде - Pogoda.uz