Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 20:18 Chop etish versiyasi

Profilaktika kuni samarasi sezilmoqda

Farzand – hayot davomchisi, kelajak egasi. Shuning uchun ham chaqaloqning dunyoga kelishi doim mo‘jiza sifatida qabul qilinadi. Lekin bu mo‘jiza qadrini ba’zan unga yetgandan ko‘ra yetmaganlar ko‘proq biladi.

Aks holda oramizda farzandlarini tirik yetim qilib tashlab ketayotgan yoki uning ta’minoti, tarbiyasi haqida qayg‘urmaydiganlar bo‘lmasdi. Poytaxtlik Mirdiyor ikki nafar voyaga yetmagan farzandiga shunday munosabatda bo‘lgani fikrimizni tasdiqlaydi. Turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelisholmay qolgan bu yigit tezda ajrashishga qaror qildi. Buning uddasidan ham chiqdi. Lekin gulday o‘g‘il va qizidan o‘zi voz kechsa-da, zimmasidagi mas’uliyatdan bo‘yin tovlay olmasligi haqida o‘ylab ham ko‘rmagandi. Zero, qonunlarimizda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekani ko‘rsatilgan.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘inida M.Nishonov va unga o‘xshab bir nafar voyaga yetmagan farzandini o‘z holiga tashlab qo‘ygan B.Nortoyev masalasi tuman ichki ishlar boshqarmasi, prokuraturasi, mahalla faollari va aholi ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Yoshi ulug‘ kishilar, onaxonlarning farzandning inson hayotidagi ahamiyati, uning ham uvoli bor ekani haqida kuyunib aytgan fikrlari ikki yigitning boshini xam qildi. Ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, xatolarini tezda to‘g‘riladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan payshanba profilaktika kuni sifatida belgilangani ana shunday muammolar yechimida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Profilaktika kunida ulg‘ayib kelayotgan farzandlarimiz turmush tarzi, o‘qishi, tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor kuchayayotgani quvonarli. Axir dono xalqimiz bola boshidan, deb bejiz aytmagan.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 71-umumta’lim maktabida sho‘xlik qilib o‘rtog‘iga tan jarohati yetkazgan yigit sodir etgan jinoyat sayyor ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud majlisiga mazkur maktabda ta’lim olayotgan, lekin o‘qish davomida belgilangan qoidalarga bo‘ysunishni istamaydigan o‘quvchilar va ularning ota-onalari taklif etildi. Sudya, prokuror, advokat, profilaktika inspektorlarining maktabga bevosita tashrifi, o‘zlari bilgan o‘quvchining sud oldida bosh egib turishi maktabda o‘qiyotgan boshqa bolalarni befarq qoldirmadi.

– Qonun-qoidalarga bepisand munosabatda bo‘lish, ortiqcha sho‘xlik qilish qanday oqibatga olib kelishini tushunib yetdik, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi A.Ahmadxo‘jayev. – Bugungi tadbir barchamizning ko‘zimizni ochdi.

Darslardan qochish, o‘qituvchiga bepisand munosabat, telefon o‘ynab o‘tirishdek bemaza odatlarni kasb qilib ro‘yxatda turadigan o‘quvchilar mazkur maktabda 35 nafar. Shu kuni ularning nafaqat o‘zlari, balki ota-onalari bilan ham jiddiy suhbat olib borildi. Oddiy sho‘xlikdan ko‘pincha huquqbuzarlik, hatto jinoyat kelib chiqishi navnihol bolaning kelajagini barbod qilishiga oid mulohazalar barchani hushyor torttirdi.

Tumandagi 187-umumta’lim maktabida o‘rtog‘iga pichoq o‘qtalgan, oqibatda uni o‘lim yoqasiga keltirgan o‘quvchining qilmishi muhokama etildi. Yig‘ilishda sodir etilgan qilmishning sabablari, bunga olib kelgan shart-sharoitga e’tibor qaratildi. Majlisdan ko‘z yoshi qilib chiqqan ona garchi farzandim yaxshi bola edi, bunday bo‘lishi mumkin emas, deb takrorlasa-da, u tarbiya berishda qayerdadir xato qilgani kunday ravshan. Birovlar oldida buni tan olgisi kelmasa ham uning dilida, vijdonida paydo bo‘lgan afsus-nadomat ko‘z yoshlaridan ayon edi.

Ota-onalar va o‘quvchilar jalb etilgan mazkur tadbir barchani yana bir bor ogohlikka chorladi.

– Profilaktika kuni o‘tkazilayotganiga endi bir oy bo‘ldi, lekin ijobiy natijalari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi katta ilmiy xodimi Alisher Murodov. – Keng tarmoqli "Davomat" tadbiri o‘tkazilayotgani maktab, kollej va litseylarda o‘quvchilarning darsga qatnashish ko‘rsatkichi keskin o‘sishiga olib keldi. Bu tadbirda nafaqat o‘quv muassasalari, balki bolalar borishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskanlarda o‘tkazilayotgan reydlar yaxshi natija bermoqda. Qo‘lga tushayotgan o‘quvchilar darsga qaytarilishi bilan cheklanib qolmay bu holat ularning ota-onalari, mahalladoshlari orasida muhokama etilayotgani barchada mas’uliyatni oshirayotir. Tumanda sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga kamaygani ham profilaktik chora-tadbirlar natijasidir.

Profilaktika kuni munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan brifingda o‘tgan bir hafta davomida poytaxtimizda 32 jinoyat fosh etilgani qayd etildi. Qidiruvda yurgan 41 shaxs qo‘lga olingan. Farzand tarbiyasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘layotgan 142 ota-ona va 3 internet-kafe ma’muriyatiga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari ko‘rilgan. 304 ta’lim muassasasida o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari, mahalla faollari ishtirokida muhokamalar o‘tkazilgan. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 85 fuqaro tegishli tartibda javobgarlikka tortilgan.

Yo‘llarda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan reydlar davomida 25 mingdan ortiq qoidabuzar aniqlangan va ularga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari ko‘rilgan. Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 15-martdan poytaxtimizda o‘rnatilgan vidokuzatuv moslamalari orqali tezlikni oshirish, svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni avtomatik ro‘yxatga olish va qoidabuzarlarga jarima yozish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 265






Все о погоде - Pogoda.uz