Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 12:31 Chop etish versiyasi

Profilaktika kuni barchani ogohlikka chorlamoqda

Internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan «Ko‘k kit» o‘yini aslida oddiy o‘yinmas, balki hali oq va qoraning farqini yaxshi bilmaydigan o‘smirlarni ajal komiga yetaklayotgan jarlikdir. Ayrim mamlakatlarda bu xavfli o‘yin qurboniga aylanganlar bor.

Xo‘sh, biz bu xavfdan qanchalik ogohmiz? Sizu bizning farzandimiz shu o‘yin domiga tushmasligiga kafolat bormi? Buning uchun o‘g‘il va qizlarimiz nima bilan mashg‘ul ekaniga ko‘proq qiziqishimiz, farzandimizda turli zararli odat yoki qiziqishlar paydo bo‘lmaganiga ishonch hosil qilishimiz kerak.

Profilaktika kunida poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 135-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan «Davomat» tadbirida o‘quvchilarning nafaqat darslarga qatnashishi, balki ularning odob-axloq qoidalariga qanchalik rioya etayotgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Bir qarashda hammasi risoladagidek. Sinfxonalar maktab libosi o‘ziga yarashgan, ko‘zlari chaqnagan o‘g‘il-qizlarga to‘la.

Maktabning bir sinfiga kirganda tuman ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘quvchilarning bilaklarini tekshirib ko‘rishga qaror qildi. Kutilmagan holat ro‘y berdi: ikki o‘quvchining bilaklarida o‘tkir buyum bilan kesib chizilgan baliqning rasmi borligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida ushbu o‘quvchilar internet tarmog‘ida “Ko‘k kit” nomi bilan tarqalgan o‘yinning videoroligini ko‘rib, bilaklariga kitning suratini chizganliklari ma’lum bo‘ldi. O‘quvchilarning ota-onalari bundan mutlaqo bexabar ekan. Ayanchli hodisa qanday oqibatga olib borishi nafaqat o‘quvchilar, balki ota-onalariga chuqur tushuntirildi.

Bu holat aniqlanmay qolishi, shu o‘quvchilar ajal domidan ortga qayta olmasligi ham mumkin edi. Yaxshiyamki, profilaktika kuni munosabati bilan maktablarda, o‘quvchilar o‘rtasida ildiz otayotgan ayrim illatlar aniqlanib, ularni bartaraf etishga imkoniyat tug‘ilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan payshanba – profilaktika kuni sifatida belgilanganidan ko‘zlangan maqsad ham shu aslida.

Navbatdagi profilaktika kunida Yakkasaroy tumanidagi internet klublar, ularga kimlar tashrif buyurayotgani va nimalar bilan mashg‘ulligi bilan qiziqdik. Bobur ko‘chasidagi uyda joylashgan komputerxonadamiz. Nim qorong‘u xonada yigirmatadan ko‘proq komputer bo‘lib, ularning har birida turli yoshdagi yigitlar turfa o‘yinlar bilan mashg‘ul. Qiziq, soat endi 11 dan oshgan bo‘lsa, bular bu vaqtda yo ishda, yo o‘qishda bo‘lishi kerak emasmi?

Ularning ayrimlarini suhbatga tortamiz. O‘zini Botir (ismlar o‘zgartirilgan), deb tanishtirgan o‘smir kollej talabasi ekan. Dars vaqtida bu yerda nima qilayotganini so‘raganimizda, u hozir dars yo‘qligini, amaliyot vaqti ekanini aytdi. Kollejning qaysi yo‘nalishida tahsil olishi bilan qiziqqanimizda, u yelka qisib qo‘ydi. Amaliyotni qayerda o‘tashi kerakligini so‘raganimizda, u harqalay «Sergelida», deb javob berdi. Uning guruhdoshidan ham xuddi shunday javob oldik.

Tumandagi yana bir necha internet-kafelarga bosh suqdik. Barchasida bolalar, o‘smirlar. Ayanchlisi, ularning ko‘pchiligi internetdan ilm yoki biror foydali ma’lumot emas, o‘yin o‘ynash maqsadida foydalanayotgani ayon bo‘ldi. Hali dars vaqti tugamagan bo‘lsa-da, tuman ichki ishlar boshqarmasining jamoat tartibini saqlash va post-patrul xizmatining avtobusi o‘quvchilarga to‘lay, deb qoldi.

Ularga qarab beixtiyor ota-onalarning, o‘qituvchilarning ko‘zi qayerda, deb o‘ylaydi kishi. Aslida ular tarbiyadek nozik va mas’uliyatli masalani bir-biriga koptok misol otayotganga o‘xshaydi.

Bo‘lmasa hali voyaga yetmagan o‘smirlarning mobil telefonlarida behayo videolar uchrarmidi? Litsey o‘quvchisi Hamidning telefonida yigirmata behayo mazmundagi videorolik borligi tuman ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlangan.

Bunday noxush holatlar, afsuski, ta’lim muassasalarida uchrab turibdi. Eng yomoni, ana shunday illatlar hali ongu tafakkuri to‘la shakllanmagan, hamma narsaga qiziqishi baland farzandlarimizni o‘z ta’siriga yanada ko‘proq tortishi hech gap emas. Shuning uchun farzand tarbiyasiga ota-onalar jiddiy munosabatda bo‘lishi zarur. Profilaktika kunlarida aniqlanayotgan yuqoridagi holatlar har birimizni ogohlikka chorlaydi.

Profilaktika kunida Yakkasaroy tumanining ayrim mahallalarida notinch oilalar vakillari bilan suhbatlar olib borilgan bo‘lsa, ba’zi mahallalarda sayyor sud majlislari tashkil etildi. Qo‘riqlash, yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq profilaktik tadbirlar ham o‘tkazildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida profilaktika kuni munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda o‘tgan bir hafta davomida o‘ttizdan ortiq jinoyat fosh etilgani va qidiruvda bo‘lgan 45 nafar shaxs ushlangani ma’lum qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
6 178






Все о погоде - Pogoda.uz