Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 19:34 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlariga zamonaviy uy-joy va xizmat avtomobili kaliti topshirildi

Profilaktika inspektorlariga zamonaviy uy-joy va xizmat avtomobili kaliti topshirildi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyi xiyobonida Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tinchlik-osoyishtalik – eng ulug‘ ne’mat. Mamlakatimiz ichki ishlar idoralari tizimini isloh qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar aynan profilaktika inspektorlaridan boshlanishida chuqur ramziy ma’no bor. Zero, jinoyat oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Shu ma’noda, avvalo, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va omillarini o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, qonunga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, qonunbuzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish profilaktika inspektorining asosiy vazifasidir.

9.JPG

11.JPG

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev va boshqalar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan osoyishtalik posbonlari uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, ularga o‘z xizmat hududida uy-joy qurib berilayotgani va imtiyozli ravishda avtomobil bilan ta’minlanayotgani huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ijobiy samarasini ko‘rsatayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda 150 nafar profilaktika inspektoriga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kaliti tantanali ravishda topshirildi.

14.JPG

1.JPG

– Bugungi qasamyod tadbiri qalbimni cheksiz g‘urur-iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ldirdi, – deydi Marg‘ilon shahridagi Go‘riavval mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Umidjon Buvayev. – 3 ming 400 dan ortiq aholi istiqomat qilayotgan hududda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida mahalla bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Bugun o‘z xizmat hududimda zamonaviy uy-joy hamda avtomashina bilan ham ta’minlandim. Bunday e’tibor bizni o‘z vazifamizni a’lo darajada bajarib, xalqimizning tinch-osoyishta hayot kechirishi yo‘lida kunu tun mehnat qilishga kuch-quvvat beradi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari O.Murodov, R.Komilov, Q.Quronboyev, Oliy sud raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
7 632