Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.09.2017 14:48 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi Termiz shahridagi Xotira maydonida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining o‘zlari xizmat qilayotgan hududda osoyishtalikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash uchun tantanali qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga viloyatdan saylangan senatorlar, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda profilaktika inspektorlariga zamonaviy xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi. Ichki ishlar organlarini ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar soha faoliyatini tubdan takomillashtirish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda yuksak samaralar berayotir.

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi

Surxondaryo viloyatida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan turli profilaktik tadbirlar, aholi bilan ochiq muloqot va huquqiy targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, profilaktika inspektorlari huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va omillarini aniqlash, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. Profilaktika inspektori bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilik hamkorligi mustahkamlanayotir. Buning samarasida viloyatda jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 400 taga kamaygan. 190 dan ortiq mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan.

– Bizning davrimizda bunday sharoit ham, mashaqqatli xizmatimizga e’tibor ham bo‘lmagan, – deydi iste’fodagi polkovnik I.Qalqonov. – Qirq yildan ziyod ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qildim. O‘sha davrda bepul xizmat uyida yashash yoki yengil mashina sotib olish tasavvurimizga ham sig‘magan. Qarang, bugun profilaktika inspektoriga o‘z hududidan oila a’zolari bilan yashash uchun xizmat uyi, tijorat bankining uzoq muddatli imtiyozli kredit mablag‘i asosida yangi avtomashina berilmoqda. Bunga havas qilmay, osoyishta, farovon turmushimiz posbonlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan faxrlanmay bo‘ladimi?! Bu fuqarolar murojaatiga e’tiborni kuchaytiradi. Mahalla ahli bilan yanada yaqin bo‘lishga qulaylik yaratadi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga barcha sharoitga ega xizmat uylari topshirilayotgani hudud osoyishtaligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning ota-onalari va yaqinlarini quvontirib, yoshlarda ushbu kasbga qiziqishni oshirmoqda.

– O‘g‘lim Abdurashidga tantanali qasamyod qabul qilish marosimida barcha qulaylikka ega xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida yengil avtomashina kaliti berilishini eshitib, suyunganimizdan onasi bilan erta tongdan Termizga keldik, – deydi Sho‘rchi tumanidagi Olatemir mahallasida yashovchi Shamil Yo‘ldoshev. – O‘g‘lim Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangi avlod mahallasida xizmat burchini o‘tamoqda. Yangi uy va yengil mashina uning xizmat vazifasini yanada sifatli, samarali bajarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Viloyatda 450 dan ortiq profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda. Xizmat uyi va yengil avtomashina kalitini qabul qilib olgan osoyishtalik posbonlari safida Sherobod tumanidagi Do‘stlik mahallasi profilaktika inspektori, kapitan Asliddin Boboyev ham bor.

– Bunday tantanali qasamyod o‘zim xizmat qilayotgan hududda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolar huquqini ishonchli himoyalashda yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi, – deydi kapitan A.Boboyev. – Ayni paytda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan o‘tkazayotgan profilaktik tadbirlarimiz samaradorligini oshirishni asosiy maqsad qilib olganmiz. Hududda oila a’zolarim bilan yashash uchun barpo etilgan zamonaviy xizmat uyi va yengil mashina bu boradagi ishlarimiz yanada samarali bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi qasamyod bizni shunga undaydi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
1 310






Все о погоде - Pogoda.uz