Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 19:21 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlari malaka oshirdi

Farg‘ona davlat universitetida profilaktika inspektorlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 130 profilaktika inspektori bilim va mahoratini oshirdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, sohada mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan takliflardan kelib chiqib, profilaktika inspektorlarining kasbga oid tayyorgarligini oshirish maqsadida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida uyimiz, mahallamiz, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Ushbu ulug‘ ne’mat tufayli iqtisodiyotimiz tobora yuksalmoqda, shaharu qishloqlarimizda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bunday ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.

Mahallalarimiz tinchligi va oilalarimiz osoyishtaligini ta’minlash militsiya tayanch punktlari faoliyatini bugungi kun talablari asosida tashkil etish hamda ularda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari bilim va malakasini oshirishni taqozo qilmoqda. Bu davlatimiz rahbari tomonidan ham alohida qayd etildi. Mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘uloti ham ana shu maqsadga qaratilgan.

Tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘qituvchilari, viloyat IIB sohaviy xizmatlari rahbarlari tomonidan profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish, mahalla bilan hamkorlikda ishlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tushunchalar berildi. Xizmat-jangovar va jismoniy tayyorgarlik, ma’naviy va huquqiy ongni yuksaltirish, kasbga oid tayyorgarlik yuzasidan mashg‘ulotlar olib borildi.

– Ichki ishlar tizimini tubdan isloh qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi, Prezidentimiz tomonidan tizim xodimlariga yangi vazifalar yuklatildi, – deydi Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi profilaktika inspektori, mayor Qahramon Sotvoldiyev. – Payshanba – profilaktika kuni o‘tkazilishi ham soha oldiga ko‘plab talablarni qo‘ymoqda. O‘quv kursi davomida yuksak malakali, professional kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, shaxsiy tarkibning kasb mahorati, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy bilimini puxta shakllantirish borasida ham tegishli tavsiyalarni tingladik. Albatta, bu yerda o‘rganganlarimiz hududlar osoyishtaligini ta’minlash orqali yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish borasidagi faoliyatimizni tanqidiy ko‘rib chiqish va samaradorlikni oshirishda qo‘l keladi.

O‘quv mashg‘ulotlari davra suhbati, munozara, kichik guruhlarda ishlash hamda boshqa interfaol metodlardan foydalangan holda o‘tkazildi. Tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 223






Все о погоде - Pogoda.uz