O‘zA O`zbek

04.03.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektori 4 million 200 ming so‘m moddiy va ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi. Nega?

Profilaktika inspektori 4 million 200 ming so‘m moddiy va ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi. Nega?
CHUNKI, U BIR INSON TAQDIRIGA BЕPARVOLARCHA MUNOSABATDA BO‘LGAN EDI

O‘ttiz besh yil. Bu shunchaki ko‘z ochib-yumgulik fursat emas. Bir inson tug‘ilib, voyaga yetib hayotning pastu balandini anglab oladigan davr. 72 yoshni qarshilagan Kalmon oqsoqol umrining ana shu yorqin fasllarini, eng navqiron damlarini mahallasiga bag‘ishladi. 35 yildirki, Kalmon bobo maosh olmasdan, jamoatchilik asosida Toshkent viloyati Chinoz tumani “Yovvosh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib ishladi. Bunday fazilatni fidoyilikning bir namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Raisning ezgu niyati va sa’y-harakati bilan hududda qanday tashvish yoki yumush bo‘lsa, hammasi yig‘in ahli bilan o‘zaro maslahatlashib hal etiladi.

Ammo bu fidoyilikni har kim har xil tushundi. Shunday kunlarning birida “Chinoz” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi va uning muovini qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibidagi “Yovvosh” mahallasi raisi Kalmon Ergashev ustidan shikoyat yozib beradi. Ularning shikoyatlariga ko‘ra, go‘yoki, Kalmon oqsoqol o‘zboshimchalik bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib olgan, yig‘in muhri va shtampini qalbakilashtirgan. Bu bo‘yicha Chinoz tuman ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori K.Sh (ism-familiya o‘zgartirilgan) tekshiruv olib boradi va kim haq, kim nohaq ekanini bilmay turib Kalmon Ergashevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasi bilan hujjat rasmiylashtiradi va uni sudga oshiradi.

Kalmon bobo o‘zining haqligini isbotlash maqsadida kunlarni, oylarni, asablarini sarfladi. Saylov haqiqatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni tuman hokimiyati arxividan topadi. Chinoz tumani saylov komissiyasi raisidan hujjat nusxasini oladi. Shundan so‘ng, jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudining qarori bilan ish qayta surishtiruvga beriladi. Yangiyo‘l tuman prokuraturasining tekshiruvidan so‘ng Kalmon boboning haq ekani aniqlanadi. Yanayam soddaroq aytganda yovvoshliklar Kalmon Ergashevni mahallaga rais etib saylangani ma’lum bo‘ladi.

Haqiqat egiladi, ammo sinmaydi, deb shuni aytishsa kerak. Kalmon bobo bu orada ruhan azob chekdi. Tuhmat sabab ich-ichidan ezildi. Garchi uning haqligi isbotlangan bo‘lsa-da, unga nisbatan asossiz ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani sababli javobgarlardan moddiy va ma’naviy zarar undirishni haqida sudga murojaat qildi. Undiruvni 21-sonli umumta’lim maktab fondiga o‘tkazishni so‘radi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanlararo sudida mazkur ish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisida ish hujjatlari to‘liq o‘rganildi. Profilaktika inspektori haqiqatdan ham surishtiruv ishlarini to‘liq o‘tkazmay, shoshma-shosharlik bilan olib borgani aniqlandi. Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan K.Shga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, natijada profilaktika inspektori intizomiy jazoga tortilgani ma’lum bo‘ldi.

Ochiq sud majlisida javobgar aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Sudya D.Musayev hal qiluvchi qarorni o‘qidi. Qarorga ko‘ra, javobgar jabrlanuvchi foydasiga 1 million 200 ming so‘m moddiy zarar, 3 million so‘m ma’naviy zarar va 75 ming so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi. Mazkur undiruv 21-sonli umumta’lim maktabi fondiga o‘tkazilishi belgilandi. Kalmon rais oqlandi. Xalq orasida yuzi yorug‘ bo‘ldi.

Sud majlisidan so‘ng Kalmon Ergashev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“...Ha, agar harakatlarim, ko‘zlagan maqsadim shunchaki o‘z manfaatimni o‘ylashdan iborat bo‘lganida men allaqachon yarim yo‘lda qolib ketardim. Umrim davomida hech qachon o‘z manfaatimni jamoa manfaatidan ustun qo‘ymaganman”, dedi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
6 514