Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 12:48 Chop etish versiyasi

Profilaktika – huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning samarali usuli

Mamlakatimiz bojxonachilari tomonidan iqtisodiy va ma’naviy xavfsizlikni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 90 ga yaqin kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilish holatlari aniqlanib, qiymati salkam 320 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar noqonuniy olib o‘tilishining oldi olingan.

Aniqlangan huquqbuzarlik holatlaridan aksariyatini yoshlar ongiga salbiy ta’sir etuvchi har xil diniy va pornografik mazmundagi videorolik hamda fotosuratlarning noqonuniy olib o‘tilishiga doir qoidabuzarliklar tashkil etadi.

2017-yil 17-yanvar kuni “Sirdaryo” chegara bojxona postida Qozog‘iston fuqarosi L.Janasovga (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) tegishli, muqaddam foydalanishda bo‘lgan “IPhone 5S” rusumli telefon apparati xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda telefon apparatining xotirasida shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi, behayo va pornografik hamda diniy mazmundagi videolavhalar borligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2017-yil 20-yanvardagi ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu telefon apparatining xotirasida mamlakatimiz hududiga olib kirilishi taqiqlangan shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi videolavhalardagi ma’lumotlar IShID diniy ekstremistik tashkilotiga tegishli bo‘lib, ularda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarning mavjudligi, shuningdek, ushbu videolavhalar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro L.Janasovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishliligi bo‘yicha sud idoralariga yuborilgan.

Sodir etilayotgan bu kabi huquqbuzarlik holatlarining oldini olish borasida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tuman, shahar hokimliklari va mahalla fuqarolar yig‘inlarining mutasaddi rahbarlari bilan hamkorlikda uchrashuvlar tashkil qilinib, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 2017-yilning mart oyida “Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali harakatlanuvchi va chegara hududi yaqinida yashovchi fuqarolarga missionerlik, diniy ekstremizm, terrorizm, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi manbalarni o‘zlarining uyali qo‘l telefonlariga ushbu manbalarning mazmun mohiyatini tushunib yetmasdan ko‘r-ko‘rona yuklab olmasliklari haqida tushuncha berildi.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan uchrashuvlar tashkil qilinib, bojxona posti orqali harakatlanayotgan fuqarolarga huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va ularga qo‘llaniladigan jazo choralari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 272






Все о погоде - Pogoda.uz