Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 18:23 Chop etish versiyasi

Prezidentimizning nutqi mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ustuvor tamoyildan kelib chiqdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyo mintaqasi va xalqaro maydondagi vaziyat yuzasidan so‘zlagan nutqi yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Isoqjon Ne’matov, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi:

– Sayyoramizdagi eng nufuzli tashkilot hisoblangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida hamma davlat rahbariga ham ma’ruza qilish imkoniyati berilavermaydi. Bu minbarda so‘z aytishning o‘ziga yarasha talab va mezonlari bor. Davlatning ichki va tashqi siyosati, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori, dunyoda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat va elatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki hisobga olinadi.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida nutq so‘zlashiga mustaqil mamlakatimiz hayotidagi tarixiy voqea, deb baho berish mumkin. Prezidentimizning nutqi mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ustuvor tamoyildan kelib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasining ichki siyosati ham, tashqi siyosati ham tinchlik, farovonlik, hamjihatlikka asoslanishi, inson manfaatlari va taraqqiyotga qaratilgani ta’kidlandi. Davlatimiz ana shunday pozitsiyadagi davlatlar bilan ochiq va teng hamkorlik qilishga tayyorligi bayon etildi.

Biz, albatta, ushbu nutq mazmun-mohiyati, unda bayon etilgan fikrlarni maxsus dars soatlarida talabalarga yetkazamiz, o‘zaro fikr almashamiz.

Nomoz Ochilov, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati:


–Men bugungi kunimni Prezidentimizning BMT minbarida so‘zlagan nutqini televideniye orqali eshitib boshladim. Ya’ni uxlamadim. Davlatimiz rahbari 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berish bilan dunyo ahli e’tiborini bugun mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qaratdi. 2017-yilning yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilishi, iqtisodiyotning liberallashtirilishi, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan deputatlar va jamoatchilik nazoratining yo‘lga qo‘yilayotgani, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalar rolining oshib borayotgani va shu kabi boshqa yangilanish jarayonlari yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga va boshqa xalqaro tuzilmalar shartnomalariga to‘la mos keladi. Davlatimiz rahbari islohotlar mohiyatini sessiya ishtirokchilari va dunyo jamoatchiligiga to‘liq yetkazib bera oldi. Bu ishlar samarasi esa iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimiz farovonligining oshib borishida yorqin namoyon bo‘ladi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro markazi bo‘lim boshlig‘i:

–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu paytgacha ham bir qator xalqaro anjumanlarda dunyoda kuchayib borayotgan diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi kurashishda avvalo ularni keltirib chiqarayotgan omillarni hisobga olish va shu asosda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratish, ular ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish zarurligini ta’kidlagan. Davlatimiz rahbari bu safar BMTning yuksak minbaridan turib so‘z yuritdi. Islom dinini niqob qilgan turli oqim va tashkilotlarning xunrezlik va zo‘ravonligi muqaddas dinimiz asl mohiyatidagi insonparvarlik, tinchliksevarlik va bag‘rikenglik kabi g‘oyalarga mutlaqo zidligini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent shahrida esa Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani Islom dinining ma’rifat dini ekanini dunyo ahliga, yoshlarga yetkazishga xizmat qilishi shubhasiz. Shu bois ushbu tashabbus butun islom olami va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 943






Все о погоде - Pogoda.uz