Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.01.2018 10:46 Chop etish versiyasi

Prezidentimizning dadil qadamlari: buni G‘arb ham tan olmoqda

Agar so‘nggi vaqtlarda mahalliy va xorijiy matbuotni, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doxil axborot oqimi tamomila o‘zga bir o‘zanga burilganini kuzatishingiz mumkin.

Xususan, AQSHning «The New York Times» nashri O‘zbekistonning dunyo bilan integratsiyalashayotgani haqida yozayotgan bo‘lsa, Yaponiyaning jahonga mashhur «The Nikkei» nashri Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro maydondagi nufuzi bugun O‘zbekiston rahbari tashlayotgan dadil qadamlarga bevosita bog‘liqligiga urg‘u berdi.

Rossiyaning “Novosti” axborot agentligi O‘zbekiston rahbari faoliyatining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan kuzatuvlarida Prezident mahalliy OAVdagi mamlakatning birinchi shaxsi imijiga bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni o‘zgartirayotgani, mamlakat ijtimoiy-siyosiy jabhada jiddiy islohotlar o‘tkazayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» nashri ham O‘zbekistonning G‘arb va umuman dunyo hamjamiyatiga “o‘zini ochayotganini” yuqori baholadi.

Prezident murojaati va unga aks-sado o‘laroq, o‘zbek matbuotida tashlangan ba’zi qadamlarni ham xalqaro kuzatuvchilar, dunyo ommaviy axborot vositalari “so‘nggi o‘n-yigirma yillikdagi muhim o‘zgarish”, deb hisoblamoqda.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida e’lon qilingan “G‘arb ahlida ham umid uyg‘otgan murojaat” maqolasi atrofidagi mulohazalar shundan darak beradi, albatta.

“Amerika ovozi” teleradiosi sharhlovchilari bu qadamni “Tarixda kuzatilmagan holat”, deya atar ekan, jumladan, “O‘zbekistonda chet eldagi fuqarolarga munosabat o‘tgan bir yil ichida ancha ijobiylashdi. Hatto xorijiy axborot vositalarida ishlaydigan o‘zbek jurnalistlarining sharhi bugun O‘zbekiston davlat matbuotida chop etilmoqda, rasmiy e’tiborda. Lekin sinov davri hamma uchun mana endi boshlanmoqda” deya ta’kidladi.

“BBC News” jurnalistlari buni “...umid uyg‘otayotgan ishoralar”, deya e’tirof etdi.

“Chegara bilmas jurnalistlar” xalqaro tashkiloti ushbu chiqishlarni ijobiy baholadi.

O‘zbek matbuotidagi mazkur qadam “Haqiqiy o‘zgarish” ekanini AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen tvitlarda qayd etgan.

Yurtimizdagi mazkur evrilishlarni bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ham yaqindan kuzatib kelmoqda. “Bu holat O‘zbekiston matbuotidagi birinchi jiddiy o‘zgarishlardir”, deya ta’riflagan qo‘mita tadqiqotchisi Gulnoza Sayid: “Xalqaro jurnalistlarning, jumladan, “Amerika ovozi” jurnalistining O‘zbekiston rasmiy matbuotida chiqayotgani yoki “Bi-bi-si”ning O‘zbekistonga sekin-astalik bilan bo‘lsa-da qaytayotgani quvonarli hol.

Mahalliy jurnalistlar ham ancha jonlandi. O‘zbekistonda iqtidorli jurnalist kadrlar ancha ko‘p. Bundan keyin umid qilamizki, matbuot erkinligi borasida yanada jiddiyroq qadamlar qo‘yiladi”, deya izohladi.

Asliddin Suyunov, O‘zA
8 142