Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 23:16 Chop etish versiyasi

Prezidentimizning bir yillik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik fikri qanday?

Prezidentimizning bir yillik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik fikri qanday? 2017-yil 4-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganiga bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risida» mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Uni o‘tkazishdan maqsad aholining davlatimiz rahbariga bo‘lgan ishonch darajasini aniqlash, shuningdek, fuqarolarning Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, siyosiy va boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish jarayonida fuqarolarimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi bilan mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yangi bosqich boshlandi, deya fikr bildirgan. Ular Prezident rahnamoligida jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida qisqa muddat ichida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, deb hisoblaydi.

So‘rovda mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan 18 yosh va undan katta bo‘lgan aholi, jumladan, turli ijtimoiy qatlamlarga mansub, ko‘plab soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan turli millat vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizni rivojlantirishning yangi Strategiyasini ilgari surar ekan, "Strategiya – bu yangilanish jarayonlarining haqiqiy harakatlar dasturidir. Bu hujjat hozirgi vaqtda hayotga izchil joriy etilmoqda. 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Bizning maqsadimiz – yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat. Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak", deya ta’kidlagan edi.

Tadqiqot natijalari yurtdoshlarimizning mutlaq aksariyati bugungi kunda hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgan Harakatlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda. Respondentlarning fikricha, mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob berish, har bir fuqaro va butun jamiyat manfaatlarini ta’minlash imkonini beruvchi muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholi davlatimiz rahbari tomonidan barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

So‘rov ishtirokchilarining 90,2 foizi Prezidentimiz siyosati aholining orzu-umidlarini to‘la ro‘yobga chiqarayotganini bildirgan. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va 2017-yilda iqtisodiyot, ijtimoiy soha, tibbiyot, ilm-fan va ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, sud-huquq tizimi, fermerlik va tadbirkorlikni modernizatsiya qilish, investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha erishilgan natijalar yurtdoshlarimiz ishonchini mustahkamlamoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qonun ustuvorligini mustahkamlash va jinoyatchilikni kamaytirish, inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, har bir fuqaro, har bir oilaning munosib hayot kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi, deb hisoblamoqda. So‘rov qatnashchilari ushbu yo‘nalishda Prezidentimiz tashabbusi bilan jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash va aholining dolzarb muammolarini tezkor hal etishga xizmat qiluvchi ochiq muloqot tizimi – Xalq qabulxonalarining joriy qilinishi muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlagan.

Fuqarolarning 90,7 foizi davlatimiz rahbari tomonidan tinchlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan muvaffaqiyatli hamda samarali tashqi siyosat olib borilmoqda, degan qat’iy fikrda. Yurtdoshlarimiz Prezidentimizning mamlakat manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilish, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni faollashtirish, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, sheriklik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, dunyo hamjamiyatida O‘zbekiston imijini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

So‘rov ishtirokchilarining 88,6 foizi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, aholi, xususan, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, jumladan, imtiyozli kreditlar va soliq preferensiyalari taqdim etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish hamda kengaytirish hisobidan oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, deb hisoblaydi.

Fuqarolarning aksariyati (90,9 foizi) so‘rov davomida shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy binolar, turar joy majmualari bunyod etish, shifoxonalarni rekonstruksiya qilish, yangi zamonaviy tibbiyot markazlari, maktabgacha ta’lim muassasalari va sport inshootlari, biznes markazlari, zamonaviy avtomagistrallar va infratuzilma obyektlari, ko‘priklar qurish, tarixiy-me’morchilik yodgorliklarini asrab-avaylash va ta’mirlash borasida erishilgan salmoqli yutuqlarni qayd etgan.

85,2 foiz respondent so‘nggi yillarda mamlakatimizda samarali ijtimoiy himoya amalga oshirilmoqda, fuqarolar yashash sharoitlari yaxshilanmoqda va bandlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, degan fikrda. So‘rov davomida fuqarolar aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yuqori samaradorligini ta’kidlagan.

Yurtdoshlarimizning 86,3 foizi rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini joriy qilish, maktabgacha ta’limning yangi tizimini tashkil qilish, umumta’lim maktablarida 11 yillik o‘qitish tizimini tiklash, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini yanada oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chuqur bilimga ega barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda, deb hisoblamoqda.

Shu bilan bir qatorda, so‘rov ishtirokchilari tomonidan fuqarolar hayot darajasini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, maktabgacha, o‘rta va oliy ta’lim muassasalari faoliyati sifatini yaxshilash kabi dolzarb muammolarni hal qilishga e’tiborni kuchaytirish zarurligi haqida fikr bildirilgan. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari faoliyati sifati va darajasini oshirish, tibbiy sug‘urta tizimini rivojlantirish, yoshlarning dolzarb masalalarini hal etish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish xususida ham so‘z yuritilgan.

Jamoatchilik fikri so‘rovi aholining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan yuksak ishonchi hamda davlatimiz rahbari rahnamoligida hayotga izchil tatbiq etilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.

Olingan natijalar yurtdoshlarimizning aksariyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolari orzu-umidlarini to‘la ro‘yobga chiqarayotganiga va aholining mutlaq qo‘llab-quvvatlashiga ega rahbar ekaniga qat’iy ishonadi. Monitoring Prezidentimizga ishonch darajasi 2017-yil iyul oyidagi 92,4 foizdan joriy yilning oktabr oyida 93,1 foizga oshganini ko‘rsatgan.

So‘rov ishtirokchilarining fikricha, 2017-yil O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, zamonaviy xavf va tahdidlarga munosib javob qaytarish, mamlakat, jamiyat va har bir inson manfaatlarini ta’minlash imkonini bergan salmoqli iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirilgan.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini
o‘rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi 

Ablay Kamolov, O‘zA
939






Все о погоде - Pogoda.uz