O‘zA O`zbek

01.03.2018 12:39 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz ishonchini oqlash – biz uchun sharaf

Prezidentimiz ishonchini oqlash – biz uchun sharaf Farg‘ona shahridagi Bolalar istirohat bog‘ida ana shunday shior ostida o‘tkazilgan festival yoshlarning katta shodiyonasiga aylandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mingdan ziyod yosh ishtirok etdi.

– Mazkur festival hududdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni targ‘ib etish, ularning sport, tasviriy san’at va kitob mutolaasiga bo‘lgan mehr va qiziqishini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona shahar kengashi raisi Farhod Abdillazov. – Sayil tarzida o‘tgan tadbir doirasida turli tanlov va aksiyalar o‘tkazildi. Festivalda Navro‘z bayramining ezgu qadriyatlari ham o‘z ifodasini topgan.

11.JPG 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kubogi uchun o‘tkazilgan mini futbol musobaqasida 21-umumta’lim maktabi o‘quvchilari jamoasi g‘olib bo‘ldi va 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston – ko‘p millatli Vatan” mavzusidagi o‘zbek, rus, qirg‘iz, tatar, nemis, koreys xalqlarining milliy taomlari ko‘rgazmasi, “Kitobxon yoshlar – yurt ishonchi” shiori ostida kitob aksiyasi, hududdagi 41 umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmlar tanlovi, shuningdek, stol tennisi va shaxmat-shashka musobaqalari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

– Festival doirasida o‘tkazilgan tanlov va aksiyalarda yoshlar faol qatnashdi, – deydi Farg‘ona shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi Yoshlar ittifoqi sardori Abrorjon Ashuraliyev. – Biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor, o‘qib-izlanishimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar barchamizni yetakchi, faol va tashabbuskor bo‘lishga, Prezidentimiz ishonchini oqlashga undamoqda. 

13.JPG

Ko‘plab tanlov, aksiya va musobaqalar, bayram dasturlarini o‘z ichiga olgan mazkur tadbir farg‘onalik o‘quvchi-yoshlarning do‘stlik, ma’naviyat va kitobxonlik bayramiga aylandi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
9 914