Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2018 18:34 Chop etish versiyasi

Prezident virtual qabulxonasida “Onlayn maslahatchi”lar ish boshladi

Prezident virtual qabulxonasida “Onlayn maslahatchi”lar ish boshladi
Avval xabar qilinganidek, joriy yil 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishga tushirildi. Murojaatchilarga yanada keng qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida mazkur tizim takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunida Prezident virtual qabulxonasi bazasida turli tarmoq va faoliyat sohalaridan malakali mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etgan holda, murojaatlarga doir masalalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berish amalga oshirilishi belgilangan. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 22-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham Prezident virtual qabulxonasi dasturiy ta’minotini takomillashtirib, unda aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn maslahatlar berish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan edi.

Mazkur huquqiy hujjatlarda belgilangan norma va vazifalar ijrosi doirasida 15-fevral kuni soat 16:00 da «Onlayn maslahatchi» moduli test rejimida ishga tushirildi. Bu modul portalning «Ko‘p beriladigan savollar» bo‘limi bilan hamohanglikda ishlaydi.

photo5199744621700294857.jpg

Murojaatchilar Prezident virtual qabulxonasi – pm.gov.uz saytiga kirib, «Onlayn maslahatchi» moduli orqali kerakli soha va tarmoq mutaxassislari bilan bog‘lanishi hamda o‘z savollariga javob olishi mumkin. Bunda pm.gov.uz saytining «Onlayn maslahatchi» moduli orqali kelib tushgan savollar tegishli tashkilot va idoralardagi maslahatchilarga yo‘naltiriladi. Ko‘rsatilayotgan maslahat xizmati hajmi va unga murojaatchilarning talabini (ish yuklamasini) inobatga olib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida ishchi guruhlar tuzilishi mumkin. Bunda ishchi guruh a’zolaridan biri maslahatchi-koordinator etib tayinlanadi. Ishchi guruh faqat maslahatchilardan iborat bo‘lmasligi mumkin.

Ayni paytda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar – jami 94 tashkilot va idoraning yuqori malakali, professional mutaxassislari mazkur modulda birlashtirilmoqda. Ularning aksariyati 15 fevral kuni pm.gov.uz sayti orqali ish faoliyatini boshladi.

Portalga kelayotgan murojaatlarning salmoqli qismini huquqiy axborot yoki ma’lumot olish maqsadida yuborilgan murojaatlar tashkil etayotgani aynan mazkur modulni yaratish va ishga tushirishga sabab bo‘ldi. Chunki fuqarolar hayotda uchraydigan turli-tuman masalalarda huquqiy maslahat olish uchun ham Virtual qabulxonaga murojaat qilar va murojaat ko‘rib chiqilib, javobi murojaatchiga yetib borgunicha ancha vaqt talab qilinar edi. Endi u yoki bu masala bo‘yicha huquqiy axborot olish uchun bir necha kun javob xati kelishini kutishga hojat yo‘q. «Onlayn maslahatchi» xizmati Prezident virtual qabulxonasi orqali savol yuborib, onlayn rejimda yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislardan tezkor huquqiy maslahat olish imkoniyatini taqdim etmoqda. Savol yuborish uchun shaxsiy kabinet ochish talab etilmaydi.

Maslahatchilar onlayn rejimda o‘z vakolatlari doirasida dushanbadan jumaga qadar soat 9:00 dan 18:00 gacha tanaffussiz faoliyat olib bormoqda. Bunda ular asosiy ish joyidan turib, masofadan onlayn maslahatlar bermoqda.

photo5199744621700294856.jpg

Maslahat xizmati uchun haq olinmaydi.

Har qanday muloqot samarali o‘tishi va natijador bo‘lishi uchun ikki tomon ham yagona maqsad – muammoga yechim topish uchun harakat qilishi lozim.

Shu bois ham “Onlayn maslahat” xizmati davomida maslahatchi murojaatda ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha malakali, tezkor va samarali maslahatlar beradi. Murojaat mazmunida noaniqliklar mavjud bo‘lgan taqdirda aniqlashtiruvchi savollar beriladi. Javob matni to‘g‘ri, qisqa va lo‘nda, tushunarli tilda va suhbat yuritish uslubida tuzilishi lozim. Savol matnidagi har bir vajga munosabat bildiriladi.

Agar maslahat berish uchun qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qilinsa, maslahatchi murojaatchini xabardor qilgan holda qo‘shimcha muddat olishi mumkin. Bunda murojaatchi bilan keyinchalik bog‘lanish uchun uning kontakt ma’lumotlari (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqalar) yozib olinishi lozim. Modul orqali kelib tushgan, qonunga muvofiq o‘rganilishi talab etiladigan ariza, shikoyat va takliflar yuzasidan murojaatchiga belgilangan tartibda murojaat qilish tartibi tushuntiriladi. Maslahatchi murojaatchilarga taqdim etgan axborotning to‘g‘riligi va to‘liqligi uchun qonunga muvofiq javobgardir.

Maslahatchi murojaatlar va ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan haftalik tahlil yuritadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan tizimli qoida buzilishlariga olib keluvchi sabab va sharoitlarni barataraf etishga qaratilgan, keyinchalik huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda foydalanish uchun tahliliy hisobotlar tayyorlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident virtual qabulxonasida ishga tushirilgan “Onlayn maslahatchi” moduli jismoniy va yuridik shaxslarning huquqiy ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojini tezkor va samarali ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zA
12 119