Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 19:05 Chop etish versiyasi

Prezident sovg‘asi – xizmat avtomashinalari topshirildi

Termizda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati shahar va tumanlar kengashlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – xizmat avtomashinalarini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nufuzini yuksaltirish, tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tinchlik-osoyishtalik va aholining farovon turmushini ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yillik bayrami arafasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati shahar va tumanlar kengashlariga Prezidentimiz nomidan xizmat avtomashinalari sovg‘a qilingani sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdulhakim Eshmurodov. – Viloyatda 717 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va xalq bilan yaqinlashtirishda shahar, tuman kengashlarining alohida o‘rni bor. Mahallalarda ko‘p millatli xalqimizning osoyishta va obod hayotini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish, intellektual salohiyatini yanada oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik tizimini mustahkamlash va boshqa ijtimoiy-ma’naviy masalalarda olib borilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.

Tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Termiz shahar va 13 tuman kengashiga Prezident sovg‘asi – xizmat avtomashinalarining kaliti topshirildi.

– Tumanimizda 48 mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Sherobod tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Oltiboy Ostonaqulov. – Hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda fuqarolar yig‘inlari zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Olis va tog‘li mahallalarda ham fuqarolar duch kelayotgan muammolarning yechimini topish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, odamlarning tinch, xotirjam hayotini ta’minlash borasidagi ishlar ko‘lami kengayib borayotir. Davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar faollari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar tufayli yilning o‘tgan davrida 12 mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi. Davlatimiz rahbari sovg‘a qilgan xizmat avtomashinasi bizning hududlardagi xalq, ayniqsa, tog‘li va chekka mahallalardagi aholiga yanada yaqinlashishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Ishimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari R.Komilov, O.Murodov, Q.Quronboyev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Javlonov va Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
773






Все о погоде - Pogoda.uz