Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:59 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Mo‘jizalar davri» 17-xayriya yarmarkaci o‘tkazildi.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Mo‘jizalar davri» 17-xayriya yarmarkaci o‘tkazildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish kabi maqsadlarni ko‘zlagan mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va «Mo‘jizalar davri» tashabbus guruhi tomonidan tashkil etildi. Unda imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlariga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshirayotgan tashkilotlar, Mehribonlik uylari, poytaxt va Toshkent viloyatidagi maxsus maktab-internatlar, jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.

Yarmarkada ijodiy ishlari qo‘yilgan bolalar hayotdan to‘laqonli zavqlanishga imkon bermaydigan turli cheklovlar bilan dunyoga kelgan. Ammo bu ularning atrofda sodir bo‘layotgan, oddiy nigoh sezmaydigan go‘zal lahzalarni ham izlab topishiga xalal bermaydi. Ular yaratgan maftunkor rasmlar, esdaliklar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zlik va kashtachilik mahsulotlari, munchoqli buyumlar, applikatsiyalarni tomosha qila turib bunga amin bo‘lish mumkin.

22.JPG

Toshkent shahridagi 106-sonli maktab-internat o‘quvchilari Muhammad Usmonov, Bahodir Sobirjonov, Abdulla Norqobilov yasagan buyumlar esa kishini o‘yga solmay qo‘ymaydi. Aylana ichidagi ko‘p qirrali yulduz shakli ular tilda ayta olmagan hayot falsafasini so‘zlab turibdi go‘yo. Har bir inson o‘z hayotining yulduzidir. Shuning uchun faqat yulduzdek yashash kerak. Atrofdagilarning e’tibori, mehr-muhabbati bunga ko‘mak beradi.

1.JPG

Tadbir doirasida san’atkorlar bolalarga badiiy dastur taqdim etdi.

20.JPG

Davrada raqs tushayotganlar orasida yuz-ko‘zlari quvonchdan yonib turgan olti-etti yoshdagi bola ham bor. Ohangga mos, lekin xiyol engashib muqom qilayotgan bolakay kuy-qo‘shiq bor joyda oyog‘idagi nuqsonni pisand qilmasligini ko‘rsatmoqda...

Masxarabozlarning kulgili tomoshalari ham namoyish etildi. Homiylar bolalarga sovg‘a ulashdi.

Xayriyadan yig‘ilgan barcha mablag‘ imkoniyati cheklangan bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Malohat Husanova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 176






Все о погоде - Pogoda.uz