Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 19:16 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi

Yarmarka Shayxontohur tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman soliq inspeksiyasi hamda ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, vaqtincha ishsiz shaxslarni kasb va malakalari bo‘yicha ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda banklar, tibbiyot muassasalari, savdo tarmoqlari, ishlab chiqaruvchi korxonalar va boshqa ish beruvchi subyektlar 1 ming 200 bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Ishtirokchilarga bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat qonunchiligi, tadbirkorlikka yo‘naltirilgan imtiyozli kreditlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

– Yarmarkada 20 ish o‘rni taklif qildik, – deydi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Elegant garment textile” qo‘shma korxonasi vakili Nozima Xo‘jayeva. – Korxonamizda ayni paytda 400 ga yaqin kishi mehnat qiladi. Mahalliy xomashyodan tayyorlanadigan mahsulotlarimizga ichki va tashqi bozorda talab katta. Shu sabab ish o‘rinlarini yanada kengaytirish choralarini ko‘rayapmiz.

Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari bitiruvchilari, vaqtincha ishsiz fuqarolarni o‘zlariga maqbul keladigan ish bilan ta’minlash, ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, tijorat banklari va soliq organlari vakillari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga mikrokreditlar olish va soliq imtiyozlaridan foydalanish masalalari atroflicha tushuntirildi.

Davron Sunnatov, O‘zA
1 610






Все о погоде - Pogoda.uz