Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 15:36 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda zamonaviy mahalla markazlari barpo etiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish chog‘ida Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada ham bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu mahalla misolida milliy urf-odatlarimizga mos «Zamonaviy mahalla» namunaviy loyihasi asosida mahallalarda ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, zamonaviy mahalla markazlarini tashkil etish orqali o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.

Toshkent shahar hokimining joriy yil 31-martdagi «Toshkent shahrining tumanlari hududida «Zamonaviy mahalla» markazlari namunaviy loyihasini joriy qilish to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular xususida so‘z bordi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yanada boyitish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash, hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik subyektlari tomonidan poytaxtimizdagi barcha mahallalarda «Zamonaviy mahalla» namunaviy loyihasi asosida mahalla oqsoqoli, maslahatchilari, profilaktika inspektori uchun xonalar, qariyalar uchun dam olish xonasi, kutubxona, kommunal to‘lovlarni qabul qilish shoxobchasi kabi qulayliklar yaratilgan mahalla markazi tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi. Mahalla markazida zamonaviy choyxona, novvoyxona, “Go‘zallik saloni”, do‘kon, sport va bolalar maydonchalari, savdo shoxobchasi, poyabzal, maishiy texnikalar ta’mirlash ustaxonasi, kichik atele barpo etilishi qayd etildi.

Prezidentimiz Uvaysiy nomidagi mahallaning mo‘jaz kutubxonasi faoliyati bilan tanishib, mamlakatimizdagi barcha mahallalarda shunday ziyo maskanlari barpo etish kerakligini ta’kidlagandi. Turli badiiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, bolalarga mo‘ljallangan kitoblar, komputerlar va internet, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, navqiron avlodning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shahrimizdagi 505 mahallada barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

– «Zamonaviy mahalla» loyihasi asosida tashkil etiladigan mahalla markazi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish niyatini bildirgan tadbirkorlik subyektlarining murojaat va loyihalari e’tiborga olinib, ularga yer maydoni ajratiladi, imtiyozli kreditlar beriladi, – deydi Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i U.Abdullayev. – Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va tuman hokimliklari tavsiya etgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan barpo etiladi. Demak, shu loyiha orqali ko‘plab tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi, yangi ish o‘rinlari ochilib, aholiga keng qulayliklar yaratiladi.

Soha mutaxassislari jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Azima Qiyosova, O‘zA
4 008






Все о погоде - Pogoda.uz