Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 19:32 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda O‘zbekiston – Rossiya nevrologlari birinchi forumi ish boshladi

Poytaxtimizda O‘zbekiston – Rossiya nevrologlari birinchi forumi ish boshladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan forum asab kasalliklarini erta aniqlash, tashxis qo‘yish va uni davolash usullari, sohada ilg‘or texnologiyalardan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev va boshqalar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganini, kasalliklar profilaktikasi va davolashda dunyoning ilg‘or tibbiy muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotgani haqida so‘zladi.

O‘zbekiston nevrologlari asab tizimi bilan bog‘liq barcha turdagi xastaliklarga tibbiy yordam ko‘rsatayotir. Yuqori malakali shifokorlar tomonidan murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Mazkur jarayonda yangi texnologiyalarning qo‘llanilayotgani davolash samaradorligini oshirmoqda.

Xorijning ilg‘or klinikalari bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilayotgani O‘zbekistonda nevrologiya sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yurtimiz shifokorlarining xorijlik hamkasblari bilan doimiy tajriba almashish orqali tibbiyotdagi dolzarb muammolar va ularni bartaraf etishdagi zamonaviy yondashuvlardan xabardorligini oshirmoqda.

– O‘zbekistonda tibbiyot sohasida olib borilayotgan yangilanishlar, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xususan, yosh kadrlar malakasini oshirish, kasallikni aniqlash va tashxis qo‘yishda yangi texnologiyalarni joriy etish borasidagi tashabbuslarga guvoh bo‘ldik, – deydi N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti professori Anatoliy Fedin. – Mazkur forum ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini yanada faollashtirish imkonini bermoqda, tibbiyotning ushbu sohasini rivojlantirish va shifokorlarning zamonaviy davolash usullaridan xabardorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston, Rossiya hamda Ukraina shifokorlari ishtirokida taqdimotlar o‘tkazilib, yigirmadan ortiq ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekiston – Rossiya nevrologlari birinchi forumi Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida xorijiy davlatlardan kelgan yetakchi olimlar ishtirokidagi mahorat darslari tarzida davom etadi.

* * * 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Rossiya va O‘zbekistonning yirik tibbiyot markazlari o‘rtasida, jumladan, A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mahalliy shifokorlar uchun muntazam tajriba almashish imkonini bermoqda. Buning natijasida mahalliy mutaxassislar yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardiojarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishayotir.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yurak-qon tomiri tizimida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkonini beradigan “karishstoz” uskunasi keltirildi. Germaniyada ishlab chiqarilgan ushbu apparat MDH davlatlarida yagona bo‘lib, unda jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemor ertasigayoq mustaqil yurishi mumkin.

3 (8).JPG

Ushbu uskuna yordamidagi birinchi jarrohlik amaliyoti Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari hamda Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy ilmiy-amaliy markazi professori Igor Sigayev va professor Bahodir Sobirov ishtirokida tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan bemorda o‘tkazildi.

– Rossiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda birinchi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardiojarrohlik bo‘limi bosh jarrohi Rustam Yorbekov. – Qayd etish kerak, bunday murakkab operatsiyalar sanoqli davlatlarda o‘tkaziladi.

Shu kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ham bir guruh rossiyalik mutaxassislar tomonidan urologiya sohasining bugungi holati va istiqboliga bag‘ishlangan anjuman va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh yetakchi mutaxassislari ishtirokida Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiy ko‘riklar bo‘lib o‘tdi.

Ulug‘bek Shonazarov, Muhammad Amin (surat), O‘zA
3 091






Все о погоде - Pogoda.uz