Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:37 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi

Poytaxtimizda asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi va «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki yuz ellikdan ortiq asalarichi o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.

Mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi muttasil oshmoqda. Yurtimiz bozorlarida bo‘lgan kishi savdo rastalarida tovlanayotgan turfa noz-ne’matlarni ko‘rib, ona yer saxovati, dehqon himmatiga tasanno aytadi. Ushbu ne’matlar orasida, ayniqsa, asal o‘zining shifobaxsh xususiyatlari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Yurtimizning mo‘tadil iqlimi asal yig‘ish va asal mahsulotlari yetishtirish uchun juda qulaydir.

5.jpg

Prezidentimizning 2017-yil 16-oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab olishda dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, yurtimizda faoliyat yuritayotgan asalarichilarni birlashtirish, o‘zaro tajriba almashishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etildi.

7.jpg

Uyushmaga a’zo xo‘jaliklar 2023-yilgacha sohada qo‘llaniladigan uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari, preparatlar, mumparda va mum mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lamaydi. Bu esa mahsulot hajmi ortishini ta’minlaydi. Xususan, joriy yil 15 tonna asal va asal mahsulotlari yetishtirgan asalarichilar 2021-yilga borib bu ko‘rsatkichni 23 tonnadan oshirishi kutilmoqda.

11.jpg

– Imkoniyatlardan unumli foydalanib, yetishtirgan mahsulotlarimizni uyushma ko‘magida eksportga chiqarmoqchimiz, – deydi samarqandlik asalarichi Ibodulla Xonxo‘jayev. – Hozirga qadar 150 asalari oilasini parvarish qilib, yiliga o‘rtacha uch tonna asal yig‘ib olayapmiz. Istiqbolda eksportni yo‘lga qo‘yish, asalari oilalarini ko‘paytirib, hosildorlikni oshirishni rejalashtirganmiz.

13.jpg

Yarmarkada asalarichilar tomonidan taqdim etilayotgan asal, asal mumi, bolari changi, asalari suti kabi turfa mahsulotlarni tanlab olish mumkin.

4.jpg

– Asal sifatini aniqlash uchun qadimdan turli usullar qo‘llanilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan asalarichi Baxtiyor Jubayev. – Masalan, asal qoshiqdan uzilmay cho‘zilib oqsa yoki olovga tutilganida yonsa, sifatli hisoblangan. Turli shubhalarga bormaslik uchun yaxshisi, qadoqlangan, tashkilot nomi keltirilgan mahsulotni xarid qilgan ma’qul. Misol uchun, biz faoliyat yuritayotgan Nukus tumanida asalni qadoqlash va mumpardasi ishlab chiqarish sexi faoliyat yuritmoqda.

– Buning yanada osonroq usuli bor, – deydi toshkentlik asalarichi Hamidbek Mahmudov. – Misol uchun, xarid qilishdan oldin bir tomchi asalga kimyoviy qalam surtib ko‘rilganda tomchida moviy-binafsha rang paydo bo‘lmasa, demak, u haqiqiy asal hisoblanadi. Toza asalning shifobaxsh xususiyatlarini saqlash uchun qalay, temir, tunuka, mis idishlarda emas, balki, rangli va shisha idishlar, shuningdek, og‘zi mahkam yopiladigan chinni, sopol buyumlarda saqlash lozim. Bundan tashqari, quyosh nuri va isitish moslamalaridan uzoqroqda saqlagan ma’qul.

Joriy yilning 10-dekabrigacha davom etadigan tadbir doirasida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi vakillari va asalarichilar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.

Asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Sayyora Shoyeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
2 791






Все о погоде - Pogoda.uz