Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2018 18:30 Chop etish versiyasi

Poytaxt haydovchilar uchun noqulaymi? To‘xtash mumkinmas, jarima to‘lang!

Poytaxt haydovchilar uchun noqulaymi? To‘xtash mumkinmas, jarima to‘lang!
Mashinangiz bormi? Agar, javobingiz “yo‘q” bo‘lsa, aslo o‘kinmang. Toshkent ko‘chalari mashinali aholini “uncha xushlamaydi”. Mashinali bo‘lish Toshkent aholisi uchun eng noqulay bo‘lgan “qulayliklardan” biri. Sababi oddiy, poytaxtning markaziy ko‘chalarida to‘xtash joyini topishning o‘zi amrimahol. Mashinangizda ishga 15 daqiqada yetib olsangiz, shahar markazida unga joy topish uchun gohida 30 daqiqa ham sarflash mumkin. Qayerga qaramang “to‘xtash mumkin emas” belgisini ko‘ramiz. Mazkur belgilarni qisqartirish va vaqtinchalik to‘xtashga ruxsat berilishi haqida 2017-yil noyabr oyida IIBB tomonidan ma’lumotlar berilgan bo‘lsa-da, “to‘xtash mumkin emas” belgilari kamaygani yo‘q. Biz Toshkent shahrini aylanib mashinalarni vaqtinchalik qoldirish mumkin bo‘lgan 4 xil antiqa “stoyanka”larni aniqladik va ular bilan sizni tanishtiramiz.

“JOY TOPIB BO‘PSIZ, JARIMA TO‘LANG”

“Joy topib bo‘psiz, jarima to‘lang” qabilidagi “stoyanka” Toshkent ko‘chalarida keng tarqalgan. Misol uchun, Navoiy ko‘chasi bo‘ylab yurar ekanmiz to‘xtash uchun maxsus joylarni uchratmadik. Biroq, har qadamda “to‘xtash mumkin emas” belgilari qator-qator qo‘yilgan. Navoiy 30 uy nashriyot va boshqa muassasalar yaqinida mashinalar to‘planib, turadi. Maxsus joy bo‘lmagani sababli, avtomobil egalari ulovni to‘xtashni taqiqlovchi belgi ostida qoldiradilar.

IMG_20180403_130120.jpg

O‘rda tomon yurar ekanmiz, “Alisher Navoiy” kinosaroyi afishalari yonida, Yoshlar ittifoqi markaziy binosi yonida ketma-ket qoldirilgan mashinalarga guvoh bo‘lamiz. Vaholanki, ushbu yo‘llarning barida to‘xtashni taqiqlovchi belgilar bor. Mashina qoldirishga boshqa joy topa olmagan haydovchi ulovini yo‘l yuzida qoldirishdan boshqa chorasi yo‘q. Kechgachami yoki 5-10 daqiqaga bu yerda ulovini qoldirgan haydovchini qaytishda YHX xodimi kutib olib bo‘yniga yaxshigina jarima solishi mumkin. Jarima yozib berayotgan xodim boshqa to‘xtash uchun muqobil joy ko‘rsata olmasada, qonunni pesh qilib sizni jarimaga tortadi. Uning vazifasi sizga joy topib berish emas, nima ham derdingiz? Jarimalar, tartib-qoidalar bor, biroq qonunni buzmaslik uchun sharoit qani?

“SOXTA” TO‘XTASH JOYLARI

Poytaxtda bir qancha “soxta” to‘xtash joylarini ham uchratish mumkin. Xususan, “Abay” ko‘chasi 4-stomotologiya klinikasi yaqinida mashinalar doim tirband bo‘ladi. U yerda to‘xtash uchun maxsus 2 ming so‘mlik “stoyanka” bor. “Stoyanka”da mashinalarni qoldirish uchun risoladagidek joy bo‘lmasada, “stoyanka 2 ming so‘m” yozuvlari bitilgan qiyshiq taxta osib qo‘yilgan. Narx arzon, berishga og‘rinmaysiz. Biroq, qiyshiq taxtani osib qo‘yganlar to‘xtash joyini epaqaga keltirish haqida o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi. Shaharning yana bir nechta qismlarida bu kabi qiyshiq taxtali “stoyanka”lar mavjud. Sharoit yo‘q, lekin pullik. Bu kabi to‘xtash joylarida odatda zabonsiz ishchilar bo‘ladi. Ulardan bu “qulaylik”ni yaratib berayotgan rahbari kimligi yoki boshqa hujjatlarni so‘rab olishning ham imkoni yo‘q.

BOZORGA TEGISHLI XAVFLI “STOYANKA”LAR

Chorsu bozorining kiyim-kechak sotiluvchi tarafada maxsus mashinalar uchun to‘xtash joyi bor. Oziq-ovqatlar sotiluvchi dehqon bozori tarafdagi to‘xtash joyi esa soatiga pullik bo‘lishiga qaramasdan, maxsus “stoyanka” sifatida tartibga keltirilmagan. Alg‘ov-dalg‘ov qo‘yilgan mashinalar orasiga kirib, bir amallab joylashasiz. Mashinangiz va ichidagi buyumlar xavfsizligiga birov javobgar emas. Lekin, soatiga 2 ming so‘mdan to‘lashga majbursiz. Ba’zi hollarda, ayniqsa, ertalab “stoyanka”da velosiped qo‘yish uchun ham joy topilmaydi. Kirgan mashina arang chiqib ketadi. Lekin, shunday noqulayliklar bo‘lishiga qaramasdan ulovingizga joy topishga majbursiz. Yo‘qsa tashqarida sizni doimgidek jarima kutadi. Nafaqat ayrim bozorlar, ko‘pincha to‘yxonalarda ham shu kabi xavfli “stoyanka”lar mavjud.


IMG_20180403_112517.jpg

“BILGANINGNI QIL”

“Bilganingni qil” kabi antiqa to‘xtash joylarini odamlar o‘zlari uchun yaratib olganlar. To‘xtash belgilari ko‘pligidan og‘rinamiz-u, ammo o‘zimizda ham ayb yo‘q emas. “Aloqa”, “Beruniy” ko‘chalarida to‘xtashni taqiqlovchi belgi yo‘q. Yo‘l chetida mashinalarni bemalol qoldirish mumkin. Bu imkoniyatdan foydalangan haydovchilar yo‘lning ikkinchi qatorida ham bamaylixotir ulovni qoldirib ketaveradilar. Oqibatda mashinalar oqimi to‘silib tirbandlik yuzaga kela boshlaydi. Ulovini yo‘lda qo‘pol tarzda “bilganingni qil” qabilida tashlab ketgan haydovchilar yo‘l to‘silib qolganiga parvo ham qilmaydilar. Toshkentda bu kabi “maxsus stoyanka”lar ham uchrab turadi. 

Biz yozishni istagan so‘nggi to‘xtash joyi bu yirik supermarketlarga tegishli. Hayriyatki, yirik savdo markazlari mijozlarning mashinalari haqida qayg‘urmoqdalar va ular uchun to‘xtash joyini hozirlaganlar. Demak, xohish bo‘lsa, odamlar uchun ozgina qayg‘urilsa, imkon topish mumkin. Shaharning boshqa qismlarida ham avtomobilli aholiga qulaylik yaratish haqida o‘ylab ko‘rish lozim. Pala-partish “stoyanka”larni ham shundayligicha qoldirish uyatli bo‘lardi.

Anora Sodiqova, O‘zA
3 221