O‘zA O`zbek

18.06.2018 18:52 Chop etish versiyasi

Piskent tumanida Toshkent viloyati yoshlari innovatsion haftaligi o‘tkazildi

Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va bandlik bosh boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Bugun xalqaro iqtisodiyot, moliya, sanoat, oziq-ovqat, qo‘yingki, barcha jabhalarda keskin raqobat kechayotgani, murosasiz va beqaror vaziyatda innovatsion texnologiyalar ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi. Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda innovatsion texnologiyalar keng qo‘llanilayotgani, ushbu jarayonda yoshlarning faolligi muhim ahamiyatga ega ekani va, albatta, ularning ishtirokini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Haftalik davomida o‘tkazilgan ko‘rgazmada hududlarda eng yaxshi, deb topilgan 147 ishtirokchining 15 yo‘nalishdagi 100 dan ortiq loyiha va ishlanmasi namoyish qilindi.

– Tumanimiz maydoni jihatidan viloyatda eng yirik hududlardan biri hisoblanadi, – deydi Quyi Chirchiq agrosanoat va transport kolleji o‘quvchisi E.Bozorov. – Afsuski, yerdan samarali foydalanish borasida peshqadamlardan emasmiz. Shu bois ushbu ko‘rgazmada yerdan yiliga 5 marta hosil olish bo‘yicha loyiham bilan ishtirok etdim. Ya’ni, bir vaqtning o‘zida ham yer osti, ham yer ustida hosil beruvchi ekinni parvarishlash yo‘li bilan erta bahordan kuzgacha 5 marta hosil yetishtirish mumkin. Ushbu loyiham muvaffaqiyatli, deb topildi.

Tadbirda ishtirokchilarning 45 loyiha va ishlanmalari g‘olib bo‘lib, ularga tashkilotchilarning maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 362