O‘zA O`zbek

13.08.2018 11:44 Chop etish versiyasi

Pensiya ta’minotida nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyoz berilishi mumkin

Pensiya ta’minotida nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyoz berilishi mumkin

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Xo‘sh, mazkur qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga nima zarurat bo‘ldi?

photo5443046161012336820.jpgBu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Egamov quyidagilarni gapirib berdi:

– Hududlarda aholi bilan o‘tkazgan uchrashuvlarimizda, ochiq muloqotlarda fuqarolar tomonidan turli sohalarga tegishli muammo va kamchiliklar ko‘tarilmoqda. Jumladan, pensionerlar tomonidan obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra, pensiya jamg‘armasi tomonidan ortiqcha to‘lov holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu summalarni to‘lanayotgan pensiya miqdoridan ushlab qolish to‘g‘risida qarorlar asosida ma’lum miqdordagi mablag‘lar sabablarini chuqur o‘rganmasdan chegirib qolinayotganidan e’tiroz bildirilib kelinayotgan edi. Ba’zi holatlarda Pensiya jamg‘armasining qarorlaridan norozi bo‘lgan pensionerlar, ya’ni ular tomonidan ayb yo‘qligi yoki qasddan pensiyani oshirishga harakatlar amalga oshirilmagani sababli yuqori turuvchi organlarga, shuningdek, sudlarga murojaat qilmoqdalar. Natijada fuqarolarning noroziligi va sud organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotgan da’vo arizalari soni ortib bormoqda.

Yuqoridagilarni e’tiborga olib, amaldagi qonunning 65-moddasi ikkinchi qismi yangi mazmun bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, pensioner byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni undirish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lganda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq u aniqlangan sanadan uch yildan oshmagan davr uchun undiriladi.

Bu boradagi xalqaro amaliyot o‘rganilganda deyarli barcha MDH mamlakatlarida umumiy da’vo muddati uch yil etib belgilangani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017-yil 28-dekabrdagi “Mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ayrim alohida toifadagi pensionerlarga maqbul sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida yana bir muhim yangilik ko‘zda tutilgan.

Ya’ni, ushbu qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxatlarga muvofiq, alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga – erkaklarga ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollarga ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda umumiy belgilangan pensiya yoshini 5 yilga qisqartirgan holda imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, masalan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan erkaklar 60 yoshdan pensiyaga chiqish kerak bo‘lgan bo‘lsa, mazkur qonun loyihasiga binoan, ular 25 yillik stajga ega bo‘lsa, 55 yoshida chiqishiga ruxsat etilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu hujjat qabul qilingan taqdirda, 143 mingdan ziyod I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro ana shu imtiyozli ravishda pensiya olish huquqiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zA
3 225