O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Paxtaobodliklar yillik rejani ortig‘i bilan bajardi

Paxtaobodliklar yillik rejani ortig‘i bilan bajardi

Andijon viloyati Paxtaobod tumani paxtakorlari joriy yilda 6 ming 481 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qildi. Davlatga 19 ming 333 tonnadan ziyod sifatli paxta hosili topshirib, belgilangan yillik rejani Andijon viloyatida birinchi bo‘lib bajardi.

– Paxta yig‘im-terimi yuqori uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Odinaxon Xayitalieva. – Tumanimizdagi 67 mahalla fuqarolar yig‘inlaridan uy bekalari, uyushmagan aholi vakillari 74 ta terim otryadi tarkibida terimga jalb etildi. 

Eng asosiysi, paxta hosili chetdan keladigan yordamchilar ko‘magisiz terib olindi. Terilgan har bir kilo paxta uchun terimchilarga 1000 so‘mdan pul to‘landi. Terim pullari kunma-kun berib borildi. Shuningdek, terimchilarga tushlikka issiq ovqat va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. 

Bu kabi e’tibor va rag‘bat, terim pullarining kunma-kun berib borilishi, ilg‘orlarni moddiy va ma’naviy taqdirlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish terimchilarni faollikka, fidoyillikka undadi. Ko‘plab oilalar vakillari 10-12 tonna paxta terib, oq oltin xirmonining yuksalishiga munosib hissa qo‘shdi. 

– Ikki nafar o‘g‘lim, kelinim, qizim bilan terimda oilaviy ishtirok etdik, – deydi Bog‘iguliston mahallasida yashovchi, 62-terim otryadi a’zosi Zarifaxon Komilova. – Fermer xo‘jaliklari tomonidan bepul tushliklar tayyorlab berildi, terim pullari kunlik berib borildi. Hozirgacha 10 million so‘mdan ortiq daromad topdik. Qolaversa, ilg‘or terimchilar qatori tuman, viloyat hokimi sovg‘alarini olishga muyassar bo‘ldik. Bu albatta, oilamiz budjetining yaxshilanishiga yordam beradi.

Tumandagi mavjud 264 ta fermer xo‘jaligining 170 dan ortig‘i yillik rejani ortig‘i bilan ado etdi. Ayniqsa, “Sarvinoz parvozi”, “Oltin”, “Karim sayyod”, “O‘tkirbek Shokirov”, “Maqsuda Qahramon”, “Fayzullo” kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklarida hosildorlik gektariga 40-45 sentnerga yetkazildi. 


Yig‘im-terimni uyushqoqlik va yuqori saviyada o‘tishida terimchimlarni moddiy rag‘batlantirish bilan birga, ularning bo‘sh paytlarini mazmunli tashkil etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratildi. Dala-shiyponlarda yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar terimchilarga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi. 

402
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA