Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.01.2018 15:50 Chop etish versiyasi

Paxtaobod tumanida o‘z faoliyatini boshlagan “Yoshlar markazi”da yoshlar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

Paxtaobod tumanida o‘z faoliyatini boshlagan “Yoshlar markazi”da yoshlar uchun qanday sharoitlar yaratilgan? Andijon viloyati Paxtaobod tumanida “Yoshlar markazi” faoliyat boshlagani munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

– Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2017-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida yurtimizda 11-yillik majburiy o‘rta ta’lim tizimi joriy etilishi munosabati bilan tuman va shaharlarda faoliyati to‘xtatiladigan kollejlar binosini yoshlar ittifoqiga o‘tkazish haqida taklif bildirgan edi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Paxtaobod tumani kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Zulxumor Nazirova. – Ana shundan kelib chiqib, Paxtaobod yengil sanoat kasb-hunar kolleji binosi biz, yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Bu yerda samarali faoliyat yuritishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ushbu markazda tuman hokimi, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari qabulxonalari, shuningdek, qator sport turlari, xorijiy tillarni o‘rgatish to‘garaklari, kasb-hunarga yo‘naltirish, psixologik maslahat xonalari ochildi. Tikuvchilik sexi ishga tushirilib, 10 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon shahri, Andijon, Baliqchi, Paxtaobod, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa tumanlari kengashlari raislariga yangi “Spark” avtomashinalari topshirildi. 



Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat),O‘zA
5 395