O‘zA O`zbek

17.07.2018 20:15 Chop etish versiyasi

Partiya sarhisobi: tahlil va natija

Milliy matbuot markazida “Adolat” sotsial-demokratik partiya siyosiy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan 2018 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar xususida axborot berildi.

Ta’kidlandiki, partiya faoliyatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan 2017 yil 12 iyulda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida va parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosiy mezon bo‘ldi.

Partiyaning barcha tuman, shahar kengashlarida faollar va deputatlardan iborat ishchi guruhlar tuzilib, har chorshanba mahallalarda aholi bilan muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 6 oyida ishchi guruhlar a’zolari jami 2 ming 796 mahalladagi 41 ming 872 xonadonda bo‘ldi. Uchrashuvlar mobaynida 6 ming 641 murojaat ko‘rib chiqildi. Ular yuzasidan 1 ming 286 deputatlik so‘rovi yuborilib, odamlarni qiynayotgan muammolar o‘z yechimini topdi. Murojaatlarning 932 tasi mutasaddi organlarni jalb etish orqali joyida hal etilgan bo‘lsa, 4 ming 423 murojaatga huquqiy maslahat berildi.

Partiya aralashuvi bilan ijobiy yechimini topgan masalalardan 60 foizi sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi muammolarni tashkil etadi. Fuqarolarga sog‘lig‘ini tiklashi uchun order olish va dori-darmon ta’minotida yordam ko‘rsatildi, nogironlik aravachalari olib berildi, moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarga jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda ko‘maklashildi.

Qishloq joylarda gaz, elektr ta’minotidagi uzilishlar, ichimlik suvi, mahalliy yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ham samarali ishlar qilindi.

Partiyaning “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, “Tozalik yo‘lida birlashaylik!”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Talabalarning kichik innovatsion korxonasi” hamda “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” kabi loyihalari doirasida partiya faollari, mahalliy deputatlar va hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan ko‘plab xayrli ishlar qilindi.

“Maktabgacha ta’lim – kadrlar tayyorlashning birlamchi bo‘g‘ini” loyihasi doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘yicha homiylarni jalb etib, bir qator maktabgacha ta’lim muassasalarida “Adolat bog‘i” va “Adolat maydoni” tashkil qilindi. Partiya tashabbusi bilan o‘lchami 3x3 metr bo‘lgan jami 16 ta shaxmat-shashka maydonchalari qurib berildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Fan to‘g‘risida”gi, “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini hamda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda tayyorlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Tadbirda partiya faoliyatida kamchiliklar ham mavjud ekanligi, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangani qayd etildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 304