Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.09.2017 12:59 Chop etish versiyasi

Partiya boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida faoliyat boshlaganlarga ko‘makdosh

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida faoliyat boshlaganlarga ko‘makdosh” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda kichik biznes, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, tomorqadan unumli foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Aholi tomorqasidan unumli foydalanishga e’tibor kuchaytirilgani yilning to‘rt faslida ham arzon, sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qo‘shimcha daromad evaziga oilalarning turmush farovonligi ortmoqda, bozorlarimiz to‘kinligi ta’minlanmoqda.

Partiyaning viloyat kengashi ham bu borada keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Tomorqachilikni rivojlantirish, yerdan unumli foydalanishni targ‘ib etish uchun partiyaning viloyat kengashi qoshidagi 830 boshlang‘ich tashkilotga 800 dan ortiq oila biriktirilgan.

– Tomorqasida turli meva-sabzavot yetishtirayotgan dehqon o‘z mehnati bilan yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda, – deydi partiya tuman kengashi apparati rahbari N.Yo‘ldosheva. – Tumanda 71 boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritib, 4 ming 570 dan ortiq a’zoni o‘z atrofida birlashtiradi.

Tuman iqtisodiyoti sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan. Bu yerda dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilikning hadisini olgan omilkor insonlar ko‘p. Ayniqsa, “Xonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bu borada katta tajribaga ega.

– Mahallamiz ahli har yili tomorqadan 2-3-marta hosil olmasa, ko‘ngli tinchimaydi, – deydi 77 yoshli Sevara aya Tursunova. – Bu yil kelinim Maqsudaxonning nomiga tijorat bankidan 5 million 700 ming so‘m kredit olib, tomorqaga ekkan bodring, pomidor va sarimsoqpiyozdan yaxshigina daromad qildik. Hosil juda mo‘l bo‘ldi.

Seminarda tomorqadan unumli foydalanayotgan omilkor dehqonlar, fermerlar g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad olayotgani haqidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz