Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2018 16:32 Chop etish versiyasi

Parcha yer bir qishloqni boqqan, bolam...

Parcha yer bir qishloqni boqqan, bolam... O‘rol momo qishlog‘imizning kayvonisi... Otam xizmat safari bilan uzoq vaqt biron joyga ketganda, bizning qo‘riqchimiz. Momodan ko‘p ertak, hikmatlar eshitganmiz. Tog‘da bahor kechroq boshlanadi. Navro‘zdan keyingi kunlardan birida, kunshuvoqda urchiq yigirib o‘tirgan farishta siymo momom aytganlari hech yodimdan chiqmaydi...

O‘rol momo hikoyasi

Jumaqulga (momoning o‘g‘li) mehnat qilishni o‘rgatdim... Buxoroga yuborib, o‘qitdim. Malim bo‘ldi.

–Huv-v tog‘larni ko‘rayapsanmi? Ular tirik, nafas oladi, o‘sadi. Zamirida mehnat yotibdi. Qanday yaxshi... (Yuzimdan chimchib oladi, urchiq bilan orqamga urmoqchi bo‘ladi, men qochib qolaman). Sen qachon mehnatni o‘rganasan (o‘shanda 7 yoshda edim). Jumaqul kam bo‘lmadi. Bir parcha yerda bog‘ qildi – uzum, anor, olma, nok, jiyda, olmurt, anjir va yana sigir-qo‘ylar – bu qishlog‘imiz barakasi.

Shu bilan momom hikoyasi tugamaydi. Uni men davom ettiraman.

Singlim sariq kasal bo‘lib qoldi. 92-yilda qishloqda do‘xtir yo‘q. Yana O‘rol momo. Tarvuzni ko‘p yeyish kerak ekan. Uni qayerdan topamiz? Albatta, Jumaqul akadan... Singlim tuzaldi.

Qishloqda qish og‘ir keladi. Qor kurab maktabga borganimiz, hatto borolmaganimiz ko‘p bo‘lgan. Shamollab qolsak, ota-onamning jigari ezilganini endi anglayapmiz. Sabab bitta – bu, tomarqada mehnat qilish. Unda oltin yetishtirish mumkin.

Zuhra momo hikoyasi

Turdiboy Yahyoyevni Nurota ahli yaxshi biladi. Jafokash, bag‘rikeng, ziyoli inson.

Qishloqda og‘ir kunlar. Odamlar bir burda nonga zor. Saksoninchi yillar sargardonligi... Ammo mehnat qilganga tole yor ekan. Turdiboy bobo xonadonida har kuni 40 kishiga yetgulik qozon qaynaydi. Sabab shuki, bu hovli tomorqasida mehnat qilinadi...

Eng baxtli, sog‘lom katta onam hamon tomorqada ishlaydi

Oyxol onam piyozni begona o‘tlardan tozalayotgan ekan...

Qo‘limda issiq non og‘irlik qildi. Men bu nonni katta onam uchun olgandim. Bilsam, uni menga onam yetishtirib bergan ekan. Qanday yoqimli.

80 yoshni qarshilayotgan katta onam tomorqada mehnat qilishdan charchamaydi. Mehnatdan ko‘ngli yayraydi. Bizga uqtiradiki, mehnat qilsang – kam bo‘lmaysan.

Buyuk hikmat.

13-qavatdagi to‘ti va gullar. Tomda ko‘chat yetishtiraman

Poytaxt. Mustaqillik maydoni yonboshida joylashgan 16 qavatli, soatli bino. Uning 13-qavati. Hamkasbimning xonasiga kirsam, to‘ti gapiradi, gullar sayraydi...

Ishdan so‘ng uyimga borib, o‘ylayman...

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar tomi asosan bo‘sh yotibdi. Men shunda gullar va limon ekishni, hatto erta bahorda qulupnay yetishtirishni ko‘nglimga tugdim.

Siz nima deysiz, azizlar!

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 845