Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 19:46 Chop etish versiyasi

Ozodalik va baraka – egizak

Xiyobontepalik 77 yoshli Adham Umarxo‘jayevning ajoyib odati bor. Hut shamoli esa boshlashi bilan ota yoniga mahalla faollaridan bir-ikki nafarini olib, hududning tabiiy holatini, dov-daraxtlarni ko‘zdan kechiradi. Qaysi daraxtga qanday ishlov berish, qurigan shox-shabbalarni butash, yangi nihollar ekish bo‘yicha yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

Ota odatini bu yil ham kanda qilmadi. Kuni kecha mahallada o‘tgan hasharga bosh-qosh bo‘ldi. Hasharchilar sa’y-harakati bilan hovli-joylar, ko‘p qavatli uylar, mahalla guzari atrofi tozalanib, chiqindilar tashib ketildi. Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ko‘chalar, aholi yashash hududlaridagi bo‘sh yerlar gul ekishga tayyorlandi.

Xiyobontepa poytaxtimizning Yunusobod tumanida, Bo‘zsuv kanali va Shahidlar xotirasi xiyoboniga tutash hududda joylashgan mahalla. To‘rt mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahalla ahli hududning noyob tabiiy imkoniyatini o‘zgacha qadrlaydi.

– Hududlarning tozaligi, ozodaligini ta’minlash, yashil maydonlarni kengaytirish salomatlik omilidir, – deydi Adham Umarxo‘jayev. – Shu maqsadda tez-tez ommaviy hashar uyushtiriladi. Dov-daraxtlarni asrash, ko‘paytirish, hovli-joylar, ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh yerlardan unumli foydalanib, ekologik muhitni yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Hovlilarda manzarali daraxtlar bilan bir qatorda olma, anor, gilos, yong‘oq kabi mevali daraxtlar parvarishlanadi. Har bahorda yangi nihollar ekish, farzandlarni ham bu an’analarning davomchisi etib tarbiyalashga e’tibor qaratamiz.

Qishning izg‘irinli kunlari chekinib, ko‘klam shamoli esa boshlagan shu kunlarda yurtimizning barcha hududlari, mahallalar, qishloqlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in tus olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi farmoyishi asosida bunday ishlar kengayayotir. Mazkur farmoyish asosida mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi.

11-12-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq hashari o‘tkazish rejalashtirilgan. Hasharga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Bu ishlar hududlarning sanitariya holatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, Navro‘z bayramini azaliy qadriyatlarga mos tarzda nishonlash, xalqimizning asrlar osha boqiy yashab kelayotgan milliy an’analari bardavomligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.

– Mahallamiz hududiga yuz tupdan ko‘proq daraxt va gul ko‘chatlari ekishni rejalashtirganmiz, – deydi «Xiyobontepa» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zafar Imomov. – Gul va rayhonlarning bir necha turlarini ekamiz. Kashtan, qarag‘ay, archa kabi manzarali daraxtlar hudud ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi barobarida, toza havo manbaidir. Mevali daraxtlar to‘kinlikni ta’minlaydi. O‘tgan yillarda ekilgan shunday nihollar hosilidan bugun bahramand bo‘lmoqdamiz.

Mahalla guzarida mo‘jazgina bog‘ barpo etilgan. O‘ttiz sotixga yaqin maydonda yashnab turgan archalar ko‘zni quvnatadi. Mevali daraxtlar hademay gullab, tevarak-atrofga ajib bo‘y taratadi. Bu yerda ham obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda.

Bahor Xidirova, O‘zA
541






Все о погоде - Pogoda.uz