O‘zA O`zbek

14.08.2012 21:25 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Qahramoni Ag‘itay Adilov

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi og‘ir judolikka uchradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanidagi “Adilet-Taxta” muqobil mashina-traktor parki raisi, O‘zbekiston Qahramoni Ag‘itay Adilov shu yil 14 avgust kuni vafot etdi.

A.Adilov 1941-yili Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. U mazkur tumandagi “Davqara” xo‘jaligida dastlab hisobchi bo‘lib ish boshladi. Keyinchalik “Qo‘ng‘irotko‘l” xo‘jaligi bosh hisobchisi, “Taxtako‘pir” xo‘jaligi direktori, “Taxtako‘pir” shirkat xo‘jaligi rahbari singari lavozimlarda samarali mehnat qildi. 2007-yildan umrining oxirigacha tumandagi “Adilet-Taxta” muqobil mashina-traktor parki raisi sifatida faoliyat yuritdi.

A.Adilov o‘zining 50 yildan ziyod davom etgan mehnat faoliyati mobaynida tabiiy iqlim sharoiti murakkab bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, fermerlik harakatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. Ayniqsa, dehqonchilikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, fermer xo‘jaliklarini yuqori unum bilan ishlaydigan texnika vositalari bilan ta’minlash, dala mehnatkashlarining o‘z mehnatidan manfaatdorligini oshirish, turmush sharoitini yaxshilash borasida o‘zining mohir tashkilotchi, tashabbuskor rahbar sifatidagi fazilatlarini namoyon etdi.

U jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, Taxtako‘pir tumanidagi qishloq va ovullarni, mahalla guzarlarini obod qilish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ko‘plab shogirdlar tayyorlab, qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham jonbozlik ko‘rsatdi.

A.Adilovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni va “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Mohir qishloq xo‘jaligi xodimi, kamtarin va mehnatkash inson A.Adilovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova,
Sh.Mirziyoyev, M.Erniyazov, B.Yangiboyev.


4 648