Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Osoyishtalik malikasi

Osoyishtalik malikasi Militsioner qizning paydo bo‘lishi mashhur kinodagidek “mahallada duv-duv” gap bo‘ldi. To‘g‘ri, ichki ishlar organlarida xotin-qizlarning ishlashi hozirgi kunda hech kimga yangilik emas. Ammo arslondek profilaktika inspektorlari osoyishtalikni saqlashni zo‘rg‘a uddalagan Sovungarlik mahallasida bu vazifaga militsiya leytenanti Malika ismli qizning kelishini hech kim kutmagan edi.

Buning boisi, Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari tarkibida xotin-qizlar unchalik ko‘p emasligi. Qolaversa, profilaktika inspektorlari orasida qizlar juda kam.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini bitirgan Malika Saidova Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limining 35-tayanch punktida profilaktika inspektori bo‘lib ish boshlaganiga yetti oydan oshdi. Bu davr leytenant qiz hududda osoyishtalikni ta’minlashi, odamlar orasida o‘z o‘rnini topishi uchun yetarli bo‘ldi.

9.JPG

– Malika dastlab ishga kelgan paytda hali tajribasi kam, buning ustiga qiz bola shahar bilan tuman chorrahasidagi 4 mingdan ziyod aholi yashaydigan hududda osoyishtalikni qanday ta’minlar ekan, deb ancha o‘ylangan edim, – deydi "Sovungarlik" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi H.Xidirov. – Ammo mahallamizda tinchlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz oldingi yillarga qaraganda yaxshilandi. Bu, albatta, profilaktika inspektorimiz Malika Saidovaning xizmati tufayli.

Malika tumandagi Qahramon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Qishloqdagi maktabni, so‘ng Jizzax shahridagi transport va aloqa kasb-hunar kollejini bitirgan. Eng katta orzusi ichki ishlar xodimi bo‘lish edi. Bu orzusiga erishish uchun astoydil harakat qildi. Respublika Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga kirib, uni muvaffaqiyatli bitirdi.

– Inson o‘z kasbini qattiq sevsa, qiyinchiliklardan qo‘rqmas ekan, – deydi Malika. – Men bu kasbga bolaligimdan juda qiziqqanman. Orzuimga erishdim. Ishimni sevaman. Hamisha ko‘pchilik orasidaman. Odamlarga foydam tekkanida o‘zimni juda baxtli his etaman. Ayniqsa, keyingi paytlarda militsiya xodimlari bilan odamlar orasida bir-birlariga o‘zaro ishonch ortayotganidan quvonaman. Bu davlatimiz tomonidan ichki ishlar xizmati tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi, albatta. O‘tgan yilning dekabr oyida viloyatimizning 200 ga yaqin profilaktika inspektori qatorida avtomashina, xizmat uyi oldim. Bu g‘amxo‘rliklar kasbimga muhabbatimni yanada oshirdi.

Malika o‘z kasbining chinakam fidoyisi ekanligini uning o‘tgan qisqa davrda hududda osoyishtalikni ta’minlashda erishgan yaxshi natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Tuman ichki ishlar bo‘limining 35-tayanch punkti Jizzaxlik, Ziyokor, Xovostlik va Sovungarlik mahallalariga xizmat ko‘rsatadi. Bu mahallalar orasida Malikaga biriktirilgan Sovungarlik eng osoyishta hudud hisoblanadi. O‘tgan yili va joriy yilning o‘tgan davrida hududda jinoyat sodir etilmadi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik keskin kamaydi. Bu yaxshi natijalarga erishishda profilaktika inspektorining hissasi katta albatta.

6.JPG

– Malika yosh bo‘lishiga qaramay, hamkasblarining ham, o‘zi xizmat qilayotgan mahalla odamlarining ham hurmatiga sazovor bo‘lgan ichki ishlar xodimi, – deydi 35-tayanch punkti profilaktika katta inspektori, mayor Oybek Duvlonov. – U o‘z kasbini puxta egallagani uchun har qanday vaziyatda qonuniy, to‘g‘ri qaror qabul qila oladi. Bu bizning kasbimizda juda muhim fazilat. Uning boshqalardan ajralib turadigan yana bir muhim fazilati o‘qish-izlanish, o‘zidan kattalarning tajribasini o‘rganishdan to‘xtamasligidir. Safimizga shunday iqtidorli yosh mutaxassislar, ayniqsa, qizlar qo‘shilayotganidan xursandmiz.

Buni Malika har kuni mahalladagi 10-15 xonadonda bo‘lib, biri bilan suhbat, birida tushuntirish o‘tkazishdan tashqari, kimgadir moddiy yordam, kimgadir kredit olishga, ishga joylashishga amaliy ko‘mak berishga ulgurayotganida ham ko‘rish mumkin. Bu ishlardan vaqt topib o‘qiydi, bilimini oshiradi.

– Malika mahallamizning “Osoyishtalik malakasi”ga aylandi, – deydi “Sovungarlik” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Yahyoyeva. – Mahallamizdagi ayrim beboshroq yoshlar faqat qonunning kuchidan qo‘rqqanidan emas, inspektor qizdan iymanganidan, uyalganidan ham “ko‘chani changitmaydigan” bo‘lib qolishda. Xotin-qizlar uchun esa o‘z dardini bemolol aytadigan yana bir sirdosh paydo bo‘ldi. U odamlar orasidagi bu hurmatga o‘zining bilimi, haqgo‘yligi va samimiyligi bilan erishayotir.

Shu kunlarda leytenant Malika Saidovaning ishlari yanada ko‘paygan. U o‘zining kundalik yumushlaridan vaqt topib, mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi, xotin-qizlar qo‘mitasi bilan 8 mart – xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash, Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ishlarida faol qatnashmoqda.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
7 292