O‘zA O`zbek

17.04.2018 12:38 Chop etish versiyasi

Oqlov hukmi nega chiqarildi?

Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2016 yil 21 oktabrdagi "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Adolat xalqimiz uchun tinch va farovon hayot mezoni, barcha ezguliklar manbai bo‘lib kelgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi Murodjon Mirzajonov. – Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Kuch – adolatda”, degan hikmatga amal qilib, davlat boshqaruvini tashkil qilish, el-yurt tinchligi va obodligini ta’minlashga erishgani tarixdan yaxshi ayon. Sud jamiyat hayotida qonun ustuvorligi, adolat barqarorligini ta’minlaydigan mustaqil hokimiyat tarmog‘idir. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, yuqori malakali va samarali faoliyat yurituvchi sud korpusini shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar tizim xodimlari mas’uliyatini oshirmoqda. Sudyalar tomonidan joylarda ochiq muloqotlar, sayyor sud majlislari tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Ilgari ba’zan sudda ko‘rib chiqilayotgan ish qo‘shimcha tergovga qaytarilgani to‘g‘risida eshitib qolardik. Bu esa sud jarayonining cho‘zilib ketishiga, ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarishning qonuniy muddatlari buzilishiga olib kelardi. Tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish institutining bekor qilingani esa katta yangilik bo‘ldi. Bu fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat, tuman (shahar) sudlari tomonidan ham mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar olib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida sudlar tomonidan bir qator oqlov hukmlari chiqarildi.

Masalan, dastlabki tergov organi tomonidan B.Umurzoqov 2012 yil 7 iyun kuni R.Salimovaga tegishli Farg‘ona shahar, U.Yusupov ko‘chasidagi ikki qavatli savdo do‘konini jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirish, g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab, Farg‘ona shahar 2-davlat notarial idorasi notariusi L.Vasiyev bilan oldindan til biriktirgani, do‘konning sobiq qonuniy egasi A.Umurzoqov nomidan o‘ziga ishonchnoma tayyorlab, imzo va yozuvlarni soxtalashtirgani yuzasidan jinoiy ish ko‘rib chiqilgan. B.Umurzoqov yuqoridagi soxta hujjatni tegishli organlarga taqdim qilib, savdo do‘konini qo‘lga kiritish va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 28, 209-moddalari 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.

Jinoyat ishini sudda muhokama qilish chog‘ida sudlanuvchi B.Umurzoqov fuqaro R.Salimovaning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazib, Jinoyat kodeksi 28, 209-moddalarining 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi o‘z tasdig‘ini topmagan. Shu sababli, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi tomonidan 2017 yil 15 noyabrda B.Umurzoqovga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.

Odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi. Adolat qonun ustuvorligida namoyon bo‘ladi. Sudning ko‘rsatkichi sudyalar tomonidan qabul qilinayotgan har bir qarorning qonuniy va adolatli bo‘lishi, xalqning ulardan roziligi bilan belgilanadi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 518