Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 10:16 Chop etish versiyasi

Oqibatsizlik oqibati

Oqibatsizlik oqibati Xalqimiz yuksak darajada qadrlaydigan go‘zal bir tuyg‘u borki, uning nomi – MEHR-OQIBAT. U bor joyda oila fayzli, u bor joyda mahalla obod, mamlakat tinch va barqaror.

Shuning uchun millatimizga xos bu fazilat bugun qadriyat darajasiga ko‘tarilib, uning kuchi va imkoniyatidan keng foydalanishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Har birimiz istiqomat qiladigan, Vatan ichra kichik vatan bo‘lgan mahallalarga oid islohotlarda odamlar orasida mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash vazifasi qo‘yilmoqda.

Zotan, qayerda shu qadriyat unutilgan bo‘lsa, o‘sha yerda noxushliklar, hatto bir-birining joniga qasd qilishdek mudhish jinoyatlar sodir etilmoqda.

...Oilada ketma-ket bir qiz va bir o‘g‘il farzandlar dunyoga keldi. Bunday baxti to‘kislikdan mamnun ota-ona ularni boqish, katta qilish ko‘yida tinim bilmay mehnat qilardi. Chetdan qaraganda hammasi risoladagidek edi. Lekin opa va ukaning katta bo‘lgan sari bir-biri bilan chiqishmay qolishi, tez-tez janjallashib turishini ota-ona bolalik sho‘xligiga yo‘yishar, buni bartaraf etish, ularni bir-biriga mehrli, oqibatli qilib tarbiyalash haqida o‘ylab ham ko‘rishmasdi.

Yuliya va Sergey ulg‘aygach ularda bir-birini yomon ko‘rish kuchaysa kuchaydiki, aslo kamaymadi. Opa-ukada kattalashib borayotgan adovatning oqibatidan qo‘rqqan ota-ona keyinchalik ulardagi nafratni jilovlashga urinib ko‘rdi. Biroq endi kech edi.

Vaqti-soati yetib, avval ota, keyin ona vafot etdi. Bir daryoning ikki qirg‘og‘iga aylanib bo‘lgan, lekin bir uyda istiqomat qilishga majbur bo‘lgan ikki jonning bir-biriga toqat qilishi qiyinlashib borardi.

Hayot o‘z yo‘lida davom etar, lekin bu xonadondan eshitilayotgan shovqin, o‘zaro urush-janjalga hech kim parvo qilmasdi. Na qo‘ni-qo‘shni, na mahalla gazak olgan bu masalaga e’tibor qaratmadi. «Ikki jigar urushsa, menga nima», «Birov bilan nima ishim bor?» kabi niqoblarni kiygan loqaydlik bunda hukmron edi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, ukaning opaga ko‘tarilgan qo‘llari bu safar uni mahv etmasdan qo‘ymadi. Sergey Bondarev opasining duch kelgan joyiga urib, keyin uning bo‘ynidan bo‘g‘a boshladi. Opaning ko‘zlaridan oqayotgan yosh, iltijolari ukaning tosh bag‘rini yumshatay demas, aksincha undan qutulishga bo‘lgan istagi ustunlik qildi... Ammo u bu lahzalarda dunyoda shu jigaridan boshqa yaqin odami yo‘qligi haqida hatto o‘ylab ham ko‘rmadi...

Profilaktika kuni munosabati bilan mazkur jinoyat ishi opa-uka yashagan Yashnobod tumani Yashnobod mahallasida muhokama etildi.

– Bondarevlar oilasi tinch edi, – deydi mahalla raisi O.Jovliyeva. – Qo‘shnilardan ular haqida hech qanday shikoyat tushmagan.

Ha, bu oilaga aslida hech kim kirib bormagan. Undagi shart-sharoit va muhitdan mutasaddilar bexabar bo‘lgan.

Boshqa hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilikning uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganishi natijasida joriy yilning 10 oyida 22 ming 370 oilaning notinchligiga barham berilgan.

Bunday xayrli ish Bondarevlar xonadoniga ham yetib kelganida edi, bu yerdagi kelishmovchilikning yechimi topilar, 28 yoshli ayol juvonmarg bo‘lib ketmasdi.

Muhokama davomida mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borilishi, huquqbuzarlik va salbiy illatlarning oldini olishga e’tibor qaratilayotgani tilga olindi. Lekin bunday chora-tadbirlarning asl samarasi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barham topishida ko‘rinadi. Demak, ish yuritishda, targ‘ibotda bo‘shliqqa yo‘l qo‘yilganki, bu yerda mudhishlik ro‘y berdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sodir etilayotgan qotilliklar oddiygina maishiy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqmoqda. Bunday harakat insoniylikka, mentalitetimizga aslida butunlay yot-ku?!

Jinoyat kodeksining 97-moddaga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish esa o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.

Bu yillar aytishga oson, biroq inson umrining shuncha vaqt qora panjara ortida o‘tishini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Oddiygina mehr yetishmasligi, oddiygina "opajon, xo‘p", deya olmaslik 22 yoshli yigit umrini ham xazon qildi. Oddiy qilib aytganada, oqibatsizlikning oqibati shu bo‘ldi.

Mazkur jinoyat muhokamasi yakunida tuman va mahallalar mutasaddilari bundan buyon oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni atroflicha o‘rganish, aniqlangan muammolarni joyida hal etish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, bu jarayonda sektor rahbari, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda jamoatchilik mas’uliyatini oshirishga zaruriyat mavjud.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 194






Все о погоде - Pogoda.uz