Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 20:05 Chop etish versiyasi

Oq yo‘l sizga, askarlar!

Oq yo‘l sizga, askarlar! Termiz shahridagi Xotira maydonida Surxondaryo viloyatidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning ota-onalari, yaqinlari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mustaqillik yillari Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida xizmat qilish nafaqat Konstitutsiyaviy burch, balki tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylangani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

6.jpg

– Kollejda o‘qib yurgan davrimda harbiy sohaga qiziqib qolgan edim, – deydi Termiz shahridan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Shahzod Husanov. – Shu maqsadda a’lo baholarga o‘qib, jismonan chiniqdim. Muddatli harbiy xizmatni munosib o‘tashga astoydil hozirlik ko‘rdim. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, mana bugun askarlik libosini kiyish baxtiga muyassar bo‘ldim. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng shartnoma asosida xizmatni davom ettirmoqchiman.

Xizmatga yo‘l olayotgan yosh o‘g‘lonlarning kelgusi hayotini ham Vatan osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi bilan bog‘layotgani ularning ota-onalari qalbida faxr-iftixor tuyg‘usini yanada yuksaltirmoqda.

7.jpg

– Kenja o‘g‘lim Farhodjonning yigitlik burchini o‘tashga ketayotganidan quvonchim cheksiz, – deydi Sho‘rchi tumani "Oliy himmat" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Erkin Ostonaqulov. – U Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan burchini ado etgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirmoqchi. Farzandimizning Vatan himoyachisidek sharafli kasbni tanlayotganidan faxrlanamiz.

Tadbir yakunida bo‘lajak askarlarga sovg‘alar ulashildi. “Yakkasaroy” to‘yxonasida dasturxon yozilib, Vatan, tinchlik va farovon hayotni tarannum etuvchi kuy-qushiqlar yangradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
2 706