O‘zA O`zbek

07.03.2018 15:40 Chop etish versiyasi

Oq tulporim bor edi...

Oq tulporim bor edi... Xalqimiz “Ot yigitning yo‘ldoshi” deya bejiz aytmaydi. Jeyms Uatt ilk bor bug‘ mashinasini kashf qilganida uning imkoniyatlarini namoyish qilar ekan, yangi qurilmaning kuchini ot kuchiga tenglashtirgan edi. Shu sababli ham hamon dvigatellar quvvati ot kuchi bilan o‘lchanadi. Yilqichilik ilk bor Osiyoda paydo bo‘lib, keyinchalik Yevropa va boshqa qit’alarga tarqalgani aytiladi. Ot insonning doimiy hamrohi bo‘lib, qishloq xo‘jalik ishlarida, harbiy harakatlarda yordamchi sifatida ishlatilgan.

Ma’lumki, mintaqamizda, eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikdayoq otlarning turli zotlarini yetishtirish bo‘yicha naslchilik ishlari boshlangan. Chopqir otlarni yetishtirish bilan o‘sha davrda asosan, hozirgi O‘zbekiston xududlarida shug‘ullanishgan. Tarixchilarning fikricha, qadimgi davrda O‘rta Osiyoning “osmon(saman) otlari” tengsizligi bilan ajralib turgan. Bu otlar hozirgi axaltekin, qorabayir, laqay nomli otlarning ajdodlaridir.Gerodot, Strabon asarlarida arabi, axaltekin, qorabayir zotli otlarning vatani O‘zbekiston ekani tan olingan. Qadimgi davrlarda yilqichilik mintaqada qaror topgan davlatlarda muhim axamiyatga ega bo‘lgan. Bu jihat asrlardan asrlarga meros sifatida o‘tib kelayotgan ko‘pkarida yaqqol namoyon bo‘ladi. VIII asrda O‘rta Osiyoga arablar kirib kelganida zotli otlarga havas qilishadi. Chunki ularda bunaqangi otlar bo‘lmagan. Ular O‘rta Osiyodan olib ketgan otlar keyinchalik arabiy otlar nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. Aslida arablarda yilqichilik emas, tuyachilik rivojlangani tarixdan ma’lum.

Manbalarda O‘rta Osiyo otlarining shon-shuhrati shu qadar yuksak bo‘lganki, ular “g‘ayritabiiy mavjudotlar”, “ilohiy otlar”, “osmon otlari”, “arg‘umoqlar” deb atalgan. Otlar uchun hatto o‘zaro urushlar kelib chiqqan. Qadimgi Farg‘ona (Davon)ga qilingan harbiy yurishlarga ham otlar sabab bo‘lgani tarixdan ma’lum.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Sherali Qo‘ldoshevning yozishicha, Xitoy elchisi Chjang Chyan o‘z esdaliklarida Farg‘ona (Dayyuan) otlari haqida yozar ekan “bu otlar osmon otlarining avlodi ekan” deydi. Xitoyda Farg‘onaning samoviy otlari haqida ko‘plab asarlar, she’rlar va afsonalar to‘qilgan. Suy davridagi (589–619) “Shyuy tuji” nomli asarda yozilishicha, Farg‘onaning otlari sekin yuradigan va tez chopadigan zotlarga ajratilar ekan. Farg‘onaning “qon terli otlari” deb atalgan bu otlarning bo‘yi baland, tanasi baquvvat, lekin ixcham tuzilgan, bo‘yni oqqush singari qayrilgan, qirg‘iyburun boshli bo‘lgan. Bu otlarning tasviri Farg‘ona qoyatoshlaridagi suratda – Aravon qoyasida, Marhamat yaqinida, Novkat vodiysida va Obishirda, Ayirmachtov tog‘ tizmasida tasvirlangan. Qoyalarda tasvirlangan otlarning aksariyati chayir, yag‘rini baland, oyoqlari alifdek, mo‘jazgina kallali, uzun ohista egilgan bo‘yinli. Bularning bari zotli otlarning o‘ziga xos belgilaridir. O‘rta Osiyoning bu jangovar otlari faqatgina o‘z egasini tan olar, tuyoqlari va tishlarini ishga solgan holda egasi qatori jang qilar edi. Manbalarda bunday otlar yarador suvoriyni o‘ldirmoqchi bo‘lgan yoki uning qurol-yarog‘larini olmoqchi bo‘lgan dushmanlarni daf qilgani haqida hikoya qiluvchi ko‘plab misollar keltirilgan. Bu hol jangda nafaqat inson, balki u bilan yonma-yon jang qilayotgan sadoqatli yo‘ldosh – otlarning ham o‘rni beqiyos bo‘lganligidan dalolat beradi.

Otlar o‘rtacha 25-30 yil yashaydi. Ayrim zotlari esa 40 yilgacha yashashi mumkin. Otlar o‘txo‘r jonivorlar sinfiga mansub bo‘lib, olimlarning fikricha, bir kunda 25 kilogrammdan 100 kilogrammgacha xashak yeydi va yozda o‘rtacha 30-60 litr, qishda 20—25 litr suv ichadi. 1993 yilda jahonda otlarning 427 ta zoti borligi aytilgan edi.

Otda sayr qilish insonlar salomatligi uchun foydalidir. Bu xaqda o‘z vaqtida Platon (eramizdan avvalgi 427—347 yy.) va Pliniyey (eramizdan avvalgi 23—79 yy.) yozib qoldirgan. Otda yurish turli kasalliklarning oldini olar ekan. Kasalliklarni ot sayri orqali davolash “raydingterapiya” (inglizcha ride — otda sayr), yoki ippoterapiya (yunoncha hippos — ot) deyiladi. Bundan tashqari ot go‘shti bo‘lmish qazi va suti bo‘lmish qimizning davo ekani nafaqat bizda, balki g‘arbda ham tan olingan. Ayni damda Italiya, Fransiya, Belgiya, Yaponiyada ham ot go‘shtiga qiziqish kuchaymoqda.

Otlardan eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda Mesopotamiyada janglarda foydalanilgan. Eramizdan avvalgi X asrda ilk qurolli suvoriylar paydo bo‘lgan. O‘shandan boshlab otlardan transport vositasi sifatida va janglar uchun foydalanila boshlangan. Otlar yillar o‘tgan sari mamlakatlar va xalqlarning milliy boyligiga aylandi. Qadimda podshoh va xukmdorlar zotli otlarni aslo sotishmagan, ammo yuqori martabali mehmon va do‘stlariga sovg‘a qilishgan. Zotli ot eng qimmatbaho sovg‘a sifatida ko‘rilgan. Bugungi kunda toza zotli otlarning bahosi bir necha o‘n million dollarga baholanadi. Ayni damda bir qator mamlakatlarda otlardan politsiya bo‘linmalarida foydalaniladi. Ot sportiga ham qiziqish kuchaygan. Har yili AQShda o‘tkaziladigan shouda 10-15 mingga yaqin ot jalb qilinadi. Ayrim mamlakatlarda Jahon otlar ko‘rgazmasi ham o‘tkazib turiladi.

Bugungi kunda yilqichilik mamlakat taraqqiyotining ko‘rsatkichlaridan biri sifatida ko‘riladi. Otlar soni bo‘yicha Xitoy birinchi o‘rinda turadi. Meksika, Braziliya, Fransiya va Rossiyada ham yilqichilikka katta e’tibor qaratilmoqda.

Istiqlolga qadar O‘zbekistonning ayrim hududlaridan boshqa joylarda otlarni uchratish amrimahol edi. Otlarni faqat hayvonot bog‘ida yoki televizordagina ko‘rish mumkin edi. Hozirgi yoshlar, aslida otlar musobaqalari o‘tkaziladigan Ippadrom deganda Toshkentdagi kiyim-kechak bozorini tushunadi.

Bugungi kunda mamlakatimizning ko‘plab fermer xo‘jaliklarida chorvachilik bilan bir qatorda, yilqichilik ham jadal rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining yilqichilikni rivojlantirish orqali yurt ravnaqi, aholi turmush farovonligini ta’minlash va bandlik darajasini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari tahsinga loyiq.

Turkmanlar axaltaka otini milliy qadriyat sifatida ko‘rishadi. Ularda axaltaka oti millat ramzidir. Biz ham qorabayirni millat timsoli sifatida talqin qilishimiz kerak. Hatto partiyalarimizdan biri ham o‘z ramzini o‘zgartirib qorabayirdan foydalansa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Chunki, aynan qorabayir qadim-qadimda millatni dunyoga tanitgan va hozir ham milliy tiklanishimizga hissa qo‘shadi.

Sharofiddin To‘laganov


16 209