O‘zA O`zbek

06.06.2018 15:56 Chop etish versiyasi

Onlayn: Xorijdagi yurtdoshimiz Jizzaxga qaytdi

Onlayn: Xorijdagi yurtdoshimiz Jizzaxga qaytdi Jizzax shahrida peshtoqida “Silk Expert Processing” nomi yozilgan, qurilish ishlari davom etayotgan binoning nima maqsadga mo‘ljallangani bilan qiziqdik.

Kirib ko‘rdikki, bino deyarli bitgan, ichida yangi texnologiyalar o‘rnatilib, ishlashga shay qilib qo‘yilgan ekan. Quruvchilar esa korxonada so‘nggi pardozlash ishlarini bajarayotgan ekan.

O‘zini Umidjon deb tanishtirgan korxona direktori, shu oyning oxirida ishga tushishi mo‘ljallangan fabrikada kelgusida katta miqdorda pilla xom ashyosi qabul qilinishi va qayta ishlanishini ma’lum qildi.

140 ortiq ish o‘rni yaratish, eksportni rivojlantirish va 11,5 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan korxonaga hokimiyat bir gektardan ko‘proq yer maydonini nol qiymatda ajratib bergan ekan. Binoga o‘rnatilgan ipak yigirish uskunalari Xitoydan, mato ishlab chiqarish jihozlari esa Yevropadan olib kelinibdi. 2019 yilda ipak matolar va ulardan kiyim-kechaklar ishlab chiqarish boshlanar ekan.

Hozirga qadar Buyuk Britaniyada istiqomat qilgan hamyurtimiz Akbar Ashurov klaster uslubida pilla yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot holda eksport qilishga 5 million dollar sarmoya kiritgan ekan. Shundan bo‘lsa, kerak uning xorijlik hamkorlari ipakchilik sohasida ham hamkorlik qilish va korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni xarid qilish istagini bildirmoqda. Misol uchun, Eron, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon, Vyetnam kabi qator davlat vakillari yil oxiriga qadar ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan 2 million dollarlik mahsulotni sotib olish uchun shartnoma imzolagan.

– Mening Vatanim - O‘zbekiston. Ota yurtimni sevaman va bundan albatta faxrlanaman, - deydi Akbar Ashurov. – Prezident Shavkat Mirziyoyev chet elda biznes qilib yurgan vatandoshlarni yurtga qaytishga, oldingi muammolarni unutib, O‘zbekistonda turli korxonalar, zavod va fabrikalar qurishga chaqirgani menda katta taassurot qoldirdi. Islohotlar boshlangani bizni albatta quvontiradi va biz ularning davomli bo‘lishidan umidvormiz. O‘ylab qoldim, nega o‘z mablag‘imni yurtim rivoji, uning gullab-yashnashi uchun yo‘naltirmayapman. Men buni qilishim kerak. Shunda investitsiya kiritish uchun qilgan murojaatim qo‘llab-quvvatlandi.“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining ipakni qayta ishlash korxonasi barpo etish borasidagi taklifini amalga oshirishga ahd qildim.

Korxonadagilar bizni yaqin kunlarda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan “ochilish” marosimiga taklif etishdi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 286