Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 17:13 Chop etish versiyasi

Onkologlar tajriba almashdi

O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazida limfoproliferativ kasalliklarni davolash masalalariga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz shifokorlari, N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorliklar samarasida onkologiya sohasi ham jahon tibbiyoti bilan hamqadam rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Bu yo‘nalishda ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va hayotga tatbiq etilmoqda. Olimlarimiz tomonidan ko‘krak bezi, me’da, yo‘g‘on ichak, qovuq saratonini jarrohlik yo‘li bilan davolashning yangicha usullari yaratildi. Diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalar joriy etilmoqda. Natijada aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligi yuksalib bormoqda, bemorlar sog‘lom hayotga qaytarilmoqda.

So‘nggi yillarda onkologik shifo muassasalarining barchasi bosqichma-bosqich modernizatsiya qilindi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlaridagi onkologiya dispanserlari binosi yangidan qurildi. Farg‘ona, Navoiy va Jizzax viloyatlari onkologiya dispanserlarida radiologiya bo‘limlari ochildi.

Mamlakatimiz ilm-fani erishayotgan yutuqlarni ommalashtirish va jahon tibbiyotining ilg‘or tajribasini tatbiq etishda dunyoning eng rivojlangan tibbiyot markazlari, xususan, Rossiyaning onkologiya sohasiga ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi bilan N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. 27-martda O‘zbekiston onkologlar uyushmasi bilan Rossiya onkologlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjatlar onkologik kasalliklar bilan kurashish bo‘yicha ilmiy, amaliy va uslubiy hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish, tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

– Muassasalarimiz o‘rtasida imzolangan hujjat o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga, muntazam fikr va tajriba almashishga xizmat qiladi, – dedi N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi mutaxassisi Natalya Falaleyeva. – Dasturimiz doirasida O‘zbekistondagi qator onkologiya dispanserlarida bo‘ldik. Shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashdik. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida, xususan, onkologiya sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa, u yerlardagi tozalik va ekologik muhit bizda katta taassurot qoldirdi. Sohada yo‘lga qo‘yilgan profilaktika tadbirlari e’tiborga molik. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashishni faollashtirish niyatidamiz.

Tadbirda rossiyalik mutaxassislarning limfoproliferativ kasalliklarni davolashning nazariya va amaliyotiga oid ma’ruzalari tinglandi. Onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashildi.

Tashrif doirasida Rossiya onkologiya ilmiy markazi delegatsiyasi Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi onkologiya dispanserlarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Ellikdan ortiq bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Onkologiyaning dolzarb mavzularida seminar-treninglar tashkil qilindi. Shifokorlarni o‘qitish va malakasini oshirish, saratonga qarshi dasturlar ishlab chiqish, bu borada hamkorlikni faollashtirish, onkologiya xizmatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar onkologiyani ilmiy va amaliy jihatdan rivojlantirish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sohada profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, tashxislash va davolashning yangi samarali usullarini amaliyotga keng tatbiq etishga xizmat qiladi.

Nodira Manzurova, O‘zA
1 659






Все о погоде - Pogoda.uz