O‘zA O`zbek

05.03.2018 17:27 Chop etish versiyasi

Onkologiya yo‘nalishidagi tibbiy xizmatning bugungi holati qanday?

Onkologiya yo‘nalishidagi tibbiy xizmatning bugungi holati qanday? Bugun yurtimizning barcha hududlaridagi onkologiya dispanserlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallariga aylantirildi. Mavjud binolari rekonstruksiya qilindi yoki kapital ta’mirlandi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlarida yangidan qurildi.

Bu haqda Milliy matbuot markazida aholiga onkologiya yo‘nalishida tibbiy xizmat ko‘rsatishning bugungi holati va 2017-yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Shuningdek, kasalliklar skriningini o‘tkazish, epidemiologiyasini o‘rganish, onkologik kasalliklar yagona elektron bazasini yo‘lga qo‘yish, tibbiy statistikani to‘g‘ri olib borish, butun onkologiya tizimini nazorat qilish va onkologik kasalliklarni olini olish ishlarini yaxshilash maqsadida – saraton profilaktikasi markazi ochilishi haqida ham xabar berildi.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xastalikka chalingan bemorlarning 30 foizi profilaktika ishlari natijasida aniqlanadi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori M.Tillashayxov. – Hozirgi kunda onkologiya xizmatining vertikal tizimi yaratilgan bo‘lib, QVP va oilaviy poliklinikalarda umumiy amaliyot shifokorlari tomonidan onkologik kasalliklarga gumon bo‘lgan bemorlar viloyatlardagi filiallarga yo‘llanma asosida yuborilmoqda. Filiallarda bemorlar tekshirilib, onkologik kasallik tasdiqlansa, ularga yuqori malakali ixtisoslashgan yordam ko‘rsatiladi. Hududlardan poytaxtga tekshirish va davolanish uchun murojat qilayotgan bemorlar soni kamayib bormoqda. O‘tgan yilda 6700 bemor ko‘rikdan o‘tkazildi. Hududlarda 218 ta jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Joriy yilda Prezident qarori asosida onkologiya muassasalarining dori vositalari uchun ta’minotiga 5,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Nur terapiya o‘tkazish uchun 2 ta zamonaviy chiziqli tezlatkich xarid qilindi. Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 11 ta gamma terapevtik va 7 ta braxiterapevtik uskunalar o‘rnatiladi. Respublikaning onkologiya muassasalari eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.

Barcha viloyat filiallarida kechki bosqichlardagi bemorlar uchun jami 200 o‘rinli palliativ yordam bo‘limlari tashkil qilindi. Hozir bo‘limlarni jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
4 778