Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.05.2018 12:11 Chop etish versiyasi

Ona zaminga xiyonat qilmang!

Ona zaminga xiyonat qilmang!
Orol dengiziga mediatur

Orol dengizi qoraqalpoq xalqining katta obihayot manbai bo‘lgan. Havzasining kattaligi jihatidan Kaspiy dengizi, Amerikadagi Yuqoriko‘l va Afrikadagi Viktoriya ko‘lidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turgan.

Dengiz atrofida yashovchi aholi asosan baliqchilik, qisman chorvachilik, mo‘ynachilik, sabzavot-polizchilik bilan mashg‘ul bo‘lar, Orol esa ularga tuganmas rizq keltirardi. Bir qancha baliq ovlash xo‘jaliklari, baliq tuzlash zavodlari va baliqchilik kombinatining ishlab turgani bunga yaqqol misol. Dengizda kemalar qatnovi mavsumi 7 oy davom etib, Aralsk va Mo‘ynoq kabi yirik portlari hamisha gavjum edi.

Ming afsuski, XX asrning 60-yillarida O‘rta Osiyoda sug‘orish kanallari katta ko‘lamda barpo etilgan. Amudaryo va Sirdaryo suv resurslarini noto‘g‘ri taqsimlash natijasida Orol dengizi quriy boshlagan. Bugun Orol dengizining qurigan qismi mayda tuz va tuproq zarrachalari bilan qoplanib borayotir. Bu yerda esayotgan kuchli shamol tuz va tuproq zarrachalarini havoga va undan uzoq masofalarga tarqatmoqda. Kundan-kunga dengiz suvi kamayib va sho‘rlanish darajasi esa yildan-yilga ortib borayotgani ayni haqiqatdir.

2.JPG

Shu nuqtai nazardan aytganda, Orol bugun global muammoga aylandi. Bu muammoning yechimini izlash, iqlim o‘zgarganda suvdan oqilona foydalanish, tabiatga qarama-qarshi borishning oqibatlari bizni sergaklikka undaydi. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali bu borada mavjud muammolardan kelib chiqib, yangi loyihaga qo‘l urgan.

Mazkur “O‘zbekistonda suv va ekologik masalalar bo‘yicha xabardorlikni oshirish hamda hamkorlikni rivojlantirish” loyihasida asosan suv resursidan oqilona foydalanish, uni tejash, atrof-muhitni asrab-avaylash muhimligiga e’tibor qaratilgan.

12 (1).JPG

Joriy yilning 10-12 may kunlari ushbu loyiha bo‘yicha mediatur tashkil etildi. Shu munosabat bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, Orol dengizi, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hududidagi Sudochye ko‘li, Ustyurt platosi, Urga qishlog‘i, Ustyurt chinklari, Orolning qurigan qismi o‘rnida paydo bo‘lgan to‘qayzorlar, Uchsoy baliqchilar qishlog‘i, Kemalar muzeyi, Amudaryo sohillari bilan tanishdi.

– Orol dengizi va uning fojiasi haqida ko‘p eshitganman. Lekin uni bir ko‘rish orzusida edim, – dedi mediatur ishtirokchisi D.Sobirova. – Dengizning qurigan qismi tuzliklar bilan qoplanibdi. Osmonga uchgan tuz va tuproq zarrachalari Orolga chang kabi yopirilganidan dengizning narigi qirg‘og‘ini ko‘rib bo‘lmaydi. Bunday holatni ko‘rish juda achinarli. Lekin sobiq sho‘ro tuzumida yo‘l qo‘yilgan xatolar bizni har tomonlama o‘ylashga, bu kabi fojialardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undaydi.

13.JPG

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan maydonlarning har gektariga bir yil davomida 250 kilogramm, ba’zi bir hududlarda 500 kilogrammgacha tuzli chang yog‘iladi. Qurigan dengiz tubidan bir yil davomida 15 milliondan 75 million tonnagacha chang ko‘tarilishi mumkin. Tuzli chang to‘fonlarining kengligi 40 kilometrga, uzunligi 400 kilometrga yetar ekan. Tuzli chang Orolqumdan o‘nlab, hatto yuzlab kilometr masofaga tarqaladi. Orol changi hatto Tyanshan va Pomir tog‘lari cho‘qqilaridagi muzliklarga ham yetib borgan.

– Albatta, bu ma’lumotlar har bir insonni xavotirga solishi mumkin, – deydi tarix fanlari nomzodi O.Do‘spanov. – Lekin Orol dengizini asrash masalasi davlatimiz e’tiborida. Bu muammoni hal etishda nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy davlatlarning qator loyihalari amalga oshirilgan. Bu borada ijobiy natijalarga erishilmoqda. Dengizning qurib qolgan qismini ko‘kalamzorlashtirish, saksovullar ekish choralari ko‘rildi. Biroq shunga qaramasdan, dengiz suvining qurishi va sho‘rlanishining oldini olish mushkul bo‘lmoqda.

Bugun insoniyat qo‘li bilan fojiaga giriftor etgan Orol dengizi sayyohlarni chorlamoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchilar mazkur hududni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagida.

Shu sababli Orol dengizining suvi saqlanib qolgan Oqtumsiq burunida “Tazabay Grand Service” hamda “Muinok tour” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan o‘tovlardan iborat turistik majmualar tashkil qilingan. “Muinok tour” korxonasi tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi eski Orol sohilida, ya’ni “Ochiq osmon kemalar muzeyi” atrofida 4 ta o‘tovli uy, umumiy ovqatlanish shoxobchalari sayyohlarga xizmat qilmoqda.

Mo‘ynoq tumani hududidagi Sudochye ko‘li 240 dan ortiq turdagi qushlar, jumladan, flamingoning makoni hisoblanadi. Bundan tashqari, Orol dengizi, Ustyurt kengliklari tarixi ham olimlarimiz e’tiborini tortib, ilmiy izlanishlarga undamoqda.

– Loyiha Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistoning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasida amalga oshirilmoqda, – dedi “UzWaterAware” loyihasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi R.Erdman. – Orol dengiziga qilgan uch kunlik sayohatimizning asl maqsadi, avvalo, O‘zbekiston iqtisodi uchun suvning juda muhim ekanini ishtirokchilarga faktlar bilan ko‘rsatish edi. Mana, ular Orol to‘g‘risida to‘liq taassurotga ega bo‘ldi. Bu esa har birimizni ogohlikka chorlaydi, aholining xabardorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Nasiba Ziyodullayeva, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA
2 353