O‘zA O`zbek

17.03.2018 15:54 Chop etish versiyasi

Ona va qizning fojiali o‘limiga nima sabab bo‘ldi?

Qazoi qadarga chora yo‘q, avvali xudo, lekin bandasi o‘zi sababchi bo‘ladi, degan haqiqat hayotda hamisha o‘z tasdig‘ini topib kelgan.

Ko‘pincha arzimasdek tuyulgani uchun biz pisand qilmagan, bartaraf etishga yo vaqtimiz yoki ozgina mablag‘imizni ayagan kamchiliklar katta fojialarga sabab bo‘ladi.

Namangan viloyati Mingbuloq tumani Yoshlik mahallasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibati barchaning qalbini larzaga keltirib, quvonchlarga soya tashladi.

Alanga uyning kattagina qismi, ro‘zg‘or buyumlarining kulini ko‘kka sovurdi. Jon omon bo‘lsa, mol topiladi, ammo ming afsuski, tilsiz yov xonadon bekasi M.Qoraboyeva va uning o‘n beshinchi bahorini qarshilayotgan qizi Dilshodaning ham umriga yakun yasadi. Is gazidan zaharlanish va kuyish oqibatida ona-bola voqea joyida vafot etdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra yong‘in kelib chiqishiga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Hozir ushbu holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA
5 153