Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 12:46 Chop etish versiyasi

Ommaviy kitobxonlik haftaligi

Sirdaryoda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida “Ommaviy kitobxonlik haftaligi” o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot-resurs markazi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, olimlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi-yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari H.Ortiqboyeva va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Ayni paytda axborot-resurs markazimiz 32 ming 500 dan ortiq badiiy kitob fondi, 8 ming 200 ta elektron kitob, turli darslik va qo‘llanmalarga ega, – deydi viloyat axborot-resurs markazi direktori Sh.Shukurova. – Viloyat hokimi tashabbusi bilan markazning kitob fondini yanada boyitish maqsadida 35 million so‘m mablag‘ ajratildi. Kutubxona fondi homiy tashkilotlar va saxovatli kitobsevarlar yordami bilan kundan-kun boyib borayotir.

Viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilgan “Ommaviy kitobxonlik haftaligi” doirasida yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa zavqini uyg‘otish, mahalla va har bir oilada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida ta’lim muassasalari, olis qishloqlarda ko‘chma kutubxonalar tashkil etilib, “Bir farzandga uch kitob” loyihasi doirasida kitob savdosi, yarmarka, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.

Tadbir davomida “Kitobxon ayollar” ko‘rik-tanlovi, “Kitob javonidagi qahramonlar”, “Ota-ona – o‘quvchi va kutubxonachi” mavzularida savol-javoblar viktorinasi, “Qiziqarli internet” mavzusida o‘quvchi-yoshlarning axborot bilimdonligini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

– Viloyat miqyosidagi “Ommaviy kitobxonlik haftaligi” bizning tuman axborot-resurs markazi joylashgan 41-umumta’lim maktabida yakunlandi, – deydi Sirdaryo tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Jumagul Ro‘ziyeva. – Bugungi tadbirda yoshlarning kitobga, mutolaaga munosabati o‘zgarganini kuzatish ayniqsa zavqli bo‘ldi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda shoir-yozuvchilar, tarjimonlar viloyat, tuman axborot-resrus markazlari kutubxonasiga o‘zlari yozgan va tarjima qilgan asarlardan taqdim etdi.

Haftalik viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
3 131






Все о погоде - Pogoda.uz