Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:42 Chop etish versiyasi

Ommaviy axborot vositalarida hozirjavoblik, ta’sirchanlik va xolislik yetishmaydi

Termizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvidagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” hamda joriy yil 15-noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi “Tartib-intizom va mas’uliyatni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish muhitini mustahkamlash – huquqbuzarlik profilaktikasi samaradorligining asosiy omilidir” nomli ma’ruzalarida ommaviy-axborot vositalariga yukslangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, yozuvchi va shoirlar, markaziy ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari, targ‘ibotchilar ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari R.Choriyev, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ijodkor ziyolilarga alohida e’tibor qaratilib, ularning iste’dod va izlanishi, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari munosib rag‘batlantirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvi adabiyot, madaniyat va san’atni yangi bosqichda rivojlantirishning istiqbolli yo‘llarini belgilab berdi. Prezidentimizning sohaga oid qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Bunday yuksak e’tibor ijodkor ziyolilarni yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga hamohang, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitishga mas’ullik tuyg‘usi bilan yashashga undamoqda.

Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ham jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz ravnaqi, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida ro‘y berayotgan yangilanishlarni, odamlar turmushi va ruhiyatidagi o‘zgarishlarni keng yoritishga intilmoqda. Milliy qadriyat va urf-odatlarimizni targ‘ib qilishga alohida ahamiyat bermoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Biroq, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining miqdor ko‘rsatkichini sifat ko‘rsatkichiga aylantirish talab darajasida emas.

Ikkita televideniye, bitta radio, o‘ttizdan ortiq bosma ommaviy axborot vositasi, bitta nashriyot faoliyat ko‘rsatayotgan viloyatda malakali kadrlar muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bosma nashrlarda tahliliy, o‘qishli maqolalar juda kam. Yangilikka intilish sezilmaydi. Viloyatda amalga oshirilayotgan ilohotlarni, yuz berayotgan yangilik va o‘zgarishlarni aholiga xolis va tezkor yetkazishda sustkashlik mavjud. Ayrim ommaviy axborot vositalari jamiyat oldida, Vatan oldida so‘z aytish mas’uliyatini chuqur his etmayotir. Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi va “Ishonch” televideniyesida mamlakatimizda qabul qilingan qaror, qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar nomi, qabul qilingan sanasi noto‘g‘ri talqin etilayotgani, bu kabi kamchiliklarga bosma ommaviy axborot vositalarida ham yo‘l qo‘yilayotgani achinarlidir.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan aksariyat ko‘rsatuv, eshittirish va maqolalarda mavzu chuqur tahlil qilinmaydi, ta’sirchanlik yetishmaydi. Yuz bergan jinoyatning sabab va omillari ochib berilmaydi.

– Hayotimiz katta o‘zgarishlarga yuz tutmoqda, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari N.To‘rayev. – Shunga monand odamlar ruhiyati ham o‘zgarmoqda. Lekin, ommaviy axborot vositalarida bunday ulug‘vor ishlar to‘laqonli aks etgan tahliliy maqolalar yo‘q. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish mavzusida berilayotgan materiallar sifati talabga javob bermaydi. Tuman hokimliklari nashrlari mazmunan sayoz. Viloyatda mavjud bunday muammolarga chek qo‘yish va ommaviy axborot vositalari ta’sirchanligini oshirish uchun jurnalistlarimizni qayta tayyorlash, ularning ixtisoslashuviga e’tiborni kuchaytirish, joylarda o‘quv-seminarlari tashkil etib, eng yaxshi tahririyat va ijodkorlar tajribasini ommalashtirish yo‘lga qo‘yilishi darkor.

Davra suhbatida milliy axborot media makonini rivojlantirishda jurnalistning o‘rni va mas’uliyati, ma’naviy yuksalishda kitobning o‘rni va kitobxonlik madaniyati targ‘iboti masalalari ham muhokama etilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
966






Все о погоде - Pogoda.uz